Jahon | 08:23 / 30.01.2017
4725
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya Trampning muhojirlik siyosatini qo‘llab-quvvatlashi haqida ma'lum qildi

Avstraliya tashqi ishlar vaziri Juli Bishop AQSh prezidenti Donald Trampning muhojirlik siyosatini qo‘llab-quvvatlashi haqida ma'lum qildi. U bu haqda Los-Anjyelesga uyushtirgan amaliy tashrifi davomida aytib o‘tgan, deb xabar berdi The Sydney Morning Herald.

Eslatib o‘tamiz, Tramp “Mamlakatni xorijiy terrorchilar kirib kelishidan himoya qilish to‘g‘risida”gi farmoni bilan mamlakatga 90 kun davomida Eron, Iroq, Yaman, Liviya, Suriya, Somali va Sudan fuqarolari kirib kelishini taqiqlab qo‘ydi. Hujjat shuningdek barcha qochqinlarni qabul qilishni 120 kunga to‘xtatib turish hamda Suriyadan bo‘lgan qochqinlarni qabul qilishni noma'lum muddatga qoldirishni ham nazarda tutadi.

— Ishonchim komilki, ikki mamlakat hukumati qattiq muhojirlik siyosati va chegaralarni himoya qilish bo‘yicha bir-biriga ko‘mak berishda davom etadi, - deya ma'lum qildi Avstraliya TIV rahbari.

Bishopning ta'kidlashicha, mamlakat hukumati AQSh ma'muriyati va rasmiy shaxslari bilan “avstraliyaliklar Qo‘shma Shtatlarga bemalol borish imkoniyatini saqlab qolishlari, amerikaliklar esa Avstraliyaga hech qanday cheklovlarsiz safar uyushtirishlari” borasida faol ravishda hamkorlik qilmoqda.

Vazirning jurnalistlarga ma'lum qilishicha, u AQSh vitse-prezidenti Maykl Pens bilan ikki bora telefon orqali suhbat qilgan hamda ularda ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama etilgan.

Mavzuga oid