Jamiyat | 22:33 / 31.01.2017
9335
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy sudda Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida mustaqil mamlakatimiz asoschisi Islom Karimov tavalludi sanasi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda so‘zga chiqqan Oliy sud raisi Sh. Gaziyev, O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari milliy markazi direktori, professor A.Saidov, O‘zbekiston sudyalar assotsiatsiyasi raisining o‘rinbosari U.Mingboyev va boshqalar xalqimizning atoqli farzandi Islom Karimovning davlat va siyosat arbobi sifatidagi keng qamrovli faoliyati, amalga oshirgan ishlarini alohida e'tirof etishdi. 

Tadbirda ta'kidlanganidek, Islom Karimov mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz manfaati yo‘lida amalga oshirgan ezgu ishlari, islohotlarining qadri yillar davomida oshib boraveradi. Shu ma'noda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvardagi "O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida"gi qarori xalqimiz ko‘nglidagi niyatning yorqin ifodasi bo‘ldi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek, zamonaviy O‘zbekistonning tarixi – bu mamlakatimizning haqiqiy mustaqillikka erishish yo‘lida Islom Karimov rahnamoligida olib borilgan o‘ta murakkab va og‘ir kurashlar tarixidir. Birinchi Prezidentimiz haqli ravishda demokratik talablar va xalqaro mezonlarga to‘liq javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy muallifi edi. 

Sud hokimiyatining mustaqilligini ta'minlash, sudya va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar sohadagi ishlar samarasi oshishiga zamin yaratdi.

Eng muhimi, sohadagi ishlar bugungi kunda izchil davom ettirilib, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, jamiyatda qonun ustuvorligini ta'minlashga oid chora-tadbirlar ro‘yobga chiqarilayotir. Bu kelgusida sudlar faoliyatini yanada takomillashtirib, sud-huquq tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi va aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.

Olimjon O‘sarov, 
Oliy sud Axborot xizmati rahbari

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid