Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kanadadagi oliy ta'lim dargohi isroilliklarni o‘qishga qabul qilishdan bosh tortmoqda
Kanada qurilish san'atlari maktabi isroillik talabani o‘qishga qabul qilishdan bosh tortdi. U bunga Isroil aybi bilan mojarolar ro‘y berayotgani va Falastin hududlarida noqonuniy uy-joylar qurish faoliyati olib borilayotganini sabab qilib ko‘rsatgan, deb xabar berdi The Jerusalem Post.
Isroilda yashovchi muhandislik fakulteti talabasi Stav Daron Kanadadagi Island School of Building Arts (ISBA) qurilish san'atlari maktabidan bir necha bor rad javobini olgan. ISBA’ning xorijiy talabalar bilan ishlash bo‘limi yigitga Isroildan yo‘llangan murojaatlarni ko‘rib chiqishmasligini, bu “mojarolar bilan aloqadorlik va mintaqada noqonuniy uy-joylar qurish faoliyati” bilan bog‘liq ekanini aytgan (bu yerda Falastin-Isroil mojarosi va Isroilning Falastin hududidagi uy-joylar qurish faoliyati nazarda tutilgan).

Daron ISBA’da yog‘ochli konstruksiyalar qurilishi bo‘yicha to‘rt haftalik kursda o‘qimoqchi bo‘lgan (maktab tosh va yog‘ochdan binolar qurish mahoratiga o‘rgatish bilan shug‘ullanadi). Talaba buning uchun maktab saytida kursga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha maxsus qo‘llanmani ham sotib olgan.
Biroq Daron elektron pochta orqali o‘z hujjatlarini yuborganidan so‘ng xorijiy talabalar bilan ishlash bo‘yicha menejyer Patrisiya Rokosh unga Isroildan murojaatlar ko‘rib chiqilmasligini yozdi. Avval esa isroilliklar bu maktabda bemalol o‘qishlari mumkin bo‘lgan. Rokosh yangi qoidalar Yaqin Sharq mintaqasida murakkab siyosiy vaziyat bilan bog‘liqligini tushuntirgan.
— Biz butun dunyo bo‘ylab siyosatchilarning qabul qilayotgan qarorlari bizga ham bevosita ta'sir ko‘rsatayotganidan juda ham afsusdamiz. Bizda avval ham Isroildan bo‘lgan talabalar tahsil olishgan. Biroq biz uchun masalaning ahloqiy jihati muhim, — deya tushuntirib bergan Rokosh o‘z maktubida.
Daron esa bunga javoban Isroildan bo‘lganlarni o‘qishga qabul qilmaslik irqchilik ekanini aytib o‘tgan.