Jahon | 08:01 / 04.02.2017
3863
2 daqiqa o‘qiladi

Ruminiyada jinoyat kodeksiga tuzatishlarga qarshi namoyishlar o‘tmoqda

Foto: Reuters

Butun Ruminiya bo‘ylab hukumat 31 yanvarda jinoyat kodeksiga tuzatishlar kiritish haqidagi qarorni qabul qilgandan keyin 4-kundan beri norozilik namoyishlari davom etmoqda. Ayni vaqtda 130 mingdan ko‘proq odam Ruminiyaning yirik shaharlariga namoyishga chiqqanlar.

Digi24 telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, eng katta namoyishlar Ruminiya poytaxti Buxarestda o‘tmoqda, hukumat oldidagi maydonda 30 mingdan ko‘proq odam to‘plangan. Ba'zi norozilar qo‘llarida hukumatning ba'zi a'zolarining kartondan yasalgan, turma kiyimidagi qo‘g‘irchoqlarini ushlab olishgan. Odamlar "Qarorning bekor qilinishini talab qilamiz!", "Hukumatni iste'foga chiqarish kerak!", "O‘g‘rilar!", "Kim sakramasa, o‘sha o‘zgarishlarni istamaydi!" degan shiorlarni hayqirishmoqda. Buxarestning bir necha ko‘chalari to‘sib qo‘yilgan. Jamoatchilik tartibini saqlash uchun G‘alaba maydoni va unga yondosh ko‘chalarga jandarmlar qo‘yilgan. Mediafax agentligining ma'lum qilishicha, namoyishchilar namoyishlarning tinch xarakterda ekanligi ramzi sifatida politsiya xodimlariga gullar tuhfa qilishgan.

Odamlar kodeksga kiritilgan tuzatmalar natijasida qamoq jazosini o‘tayotgan korrupsiyalashgan siyosatchilar hamda ba'zi xavfli jinoyatchilar ozodlikka chiqishidan xavfsirashmoqda. Odamlarning noroziligiga qaramasdan, mamlakat bosh voziri Sorin Grindyanu qarorni bekor qilish va iste'foga ketish istagida emasligini aytgan.

Tuzatmalar ko‘ra, agar mahbusning qonunbuzarligidan ko‘rilgan zarar 200 ming leydan oshmasa (48 ming dollar) korrupsiya bo‘yicha sudlanganlar amnistiya bo‘yicha ozodlikka chiqa oladilar. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid