O‘zbekiston | 00:10 / 07.02.2017
38864
15 daqiqa o‘qiladi

Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorovga homiy kerak, chunki...

Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi va Respublika shaxmat federatsiyasi rahbarlari diqqatiga!

“Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari bilan chegaralanib qolish kerak emas. Iqtidorli o‘smir va qizlarni tanlab olish va tarbiyalash bo‘yicha jiddiy seleksiya ishlarini amalga oshirish zarur”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasida: “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari bilan chegaralanib qolish kerak emas. Iqtidorli o‘smir va qizlarni tanlab olish va tarbiyalash bo‘yicha jiddiy seleksiya ishlarini amalga oshirish zarur”, deb aytgan edi.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi jahon chempioni Nodirbek Abdusattorovga 2017 yil uchun eng kam ish haqining 1 barobari miqdorida oylik stipendiya belgiladi. 2016 yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida federatsiya mutasaddilari bu haqda e'lon qilishdi. Respublika shaxmat federatsiyasining ushbu qarorini qutlash kerak, negaki bu iqtidorli shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida navbatdagi qadam qo‘yilganidan, ya'ni ularni xuddi xorijda bo‘lgani singari moddiy rag‘batlantirish amaliyoti boshlanganidan darak beradi. Ammo stipendiya miqdori kam emasmikan?..

Ushbu savolga javob topishga urinib ko‘ramiz.

Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni bo‘lish boshqa sport turlariga qaraganda juda qiyin. Shuning uchun ham Italiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya singari bir qator rivojlangan davlatlardan hali biron yosh toifasida bo‘lsin, jahon chempioni yetishib chiqmagan. Kattalar o‘rtasida-ku jahon shaxmat tojini kiyish 130 yil mobaynida bor-yo‘g‘i 20 nafar shaxmatchiga nasib etgan, xolos! Shukrki, bolalar va o‘smirlar o‘rtasida bizda Shamsiddin Vohidov va Nodirbek Abdusattorov, kattalar o‘rtasida esa Rustam Qosimjonovdek jahon chempionlari bor! Biz bundan g‘ururlanishimiz, qadrlashimiz va, ayniqsa, yosh chempionlarimiz shaxmatchi sifatida yanada o‘sishi, mahoratini oshirishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishimiz lozim.

Bugun jahon sportida katta-katta mablag‘ aylanayotgani hammaga ma'lum. Sport mamlakat nufuzini oshirish, sha'nini ulug‘lash, millat or-nomusini, g‘ururini himoya qilishdan tashqari, yirik biznes vositasiga ham aylangan. Millioner tennischi, bokschi, futbolchi, golfchi va xokkeychilar haqida hammamiz bilamiz. Ammo shaxmatda vaziyat biroz boshqacharoq. Shaxmat biznes nuqtai nazaridan boshqa ko‘plab sport turlaridan ko‘ra jozibasizroq. Shaxmat orqasidan ko‘p-ko‘p pul topish uchun kamida 2600 reyting baliga ega yoki sodda qilib aytganda, nihoyatda kuchli shaxmatchi bo‘lish lozim. Mana, Rustam Qosimjonov Germaniyaning “OSG Baden-Baden” klubida bundesligada ishtirok etadi va tabiiyki, yaxshigina haq oladi. Qolaversa, Yevropada shaxmat infratuzilmasi rivojlangan bo‘lib, tijorat turnirlari, mo‘maygina sovrin jamg‘armasiga ega turnirlar ko‘plab o‘tkaziladi. Klublar o‘rtasida mamlakat va qit'a chempionatlari yo‘lga qo‘yilgan. Yetuk grossmeysterlar baquvvat firma va kompaniyalar bilan homiylik shartnomalari tuzgan bo‘lib, bu ularga qo‘shimcha daromad olib keladi.

Bizda esa hali bunday darajaga erishilgani yo‘q. Hozircha faqat Georgiy A'zamov xotira turniri sovrin jamg‘armasiga ega bo‘lib, uyam boshqa xalqaro turnirlarga qaraganda hali ancha kamtarona — 20 ming AQSh dollari. Murabbiylarga to‘lanadigan haq ham maqtagulik darajada emas. Shuning uchun ham xalqaro grossmeyster Anton Filippov Olmaotada murabbiylik qilmoqda. Yana bir grossmeyster va ajoyib bolalar murabbiyi Dmitriy Qayumov bir nechta xorijiy davlatlarda ishlab keldi. Grossmeyster Sergey Qayumov ham chet elda yosh shaxmatchilarga saboq bermoqda.

O‘zbekistonlik shaxmatchilardan faqatgina Rustam Qosimjonov (reytingi —2699) dunyo miqyosida eng kuchli 100 shaxmatchi safida, hozir u 45-o‘rinda turibdi. Boshqa shaxmatchilarimiz esa hali kuchli yuzlikdan o‘rin ololgani yo‘q. Lekin Jahongir Vohidov (2561; 1995 yili tug‘ilgan), Temur Qo‘yboqarov (2480; 2000), Nodirbek Abdusattorov (2429; 2004), Nodirbek Yoqubboyev (2427; 2002), Javohir Sindorov (2374; 2005), Shamsiddin Vohidov (2355; 2002) kabi yosh istiqbolli shaxmatchilarimiz yaqin kelajakda bunday natijaga erishishiga umid bor. Biroq bu umidlar oqlanishi uchun ularga keng imkoniyat yaratib berish zarur. Xususan, ularning ko‘proq xalqaro nufuzli turnirlarda ishtirokini ta'minlash lozim. Shunda ularning o‘z reytingini oshirish imkoniyati kengayadi.

Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov ayni paytda tengdoshlari orasida dunyoda reyting bo‘yicha 1-raqamli shaxmatchilar hisoblanadi. Endi ular yanada o‘sishi uchun kattalar o‘rtasidagi musobaqalarda ko‘proq ishtirok etishlari lozim. Bolalar o‘rtasidagi turnirlar mahorati oshishi, iste'dodi charxlanishi, reytingini ko‘tarishga xizmat qilmaydi (qit'a va jahon chempionatlari, o‘smirlar o‘rtasidagi butunjahon shaxmat olimpiadasi bundan mustasno).

Yana bir muammo: iqtidorli shaxmatchilarimiz — 13 yoshida 14 yoshgacha bolalar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan Shamsiddin Vohidov, 14 yoshida O‘zbekiston tarixida ilk bor kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni bo‘lgan Nodirbek Yoqubboyev, 12 yoshida xalqaro grossmeyster talabini bajargan Nodirbek Abdusattorov, hali 11 yoshda bo‘lsa-da, musobaqalarda grossmeysterlar bilan teppa-teng kurashayotgan Javohir Sindorovga munosib, kuchli murabbiylar topish masalasidir. Ochiq aytish kerak: hozir mamlakatimizda ularning yanada o‘sishiga yordam bera oladigan murabbiy yo‘q.

Shaxmatchini musobaqa toblaydi. Buning isbotini jahonning bugungi kundagi eng zo‘r grossmeysterlarining yoshligidagi va bizning iste'dodli yosh shaxmatchilarimiz faoliyatini taqqoslash orqali ko‘rib chiqamiz.

Davrimizning eng zo‘r shaxmatchisi Magnus Karlsen 12 yoshida FIDE masteri (FM) bo‘lgan. 13 yoshni to‘ldirgach, yana 4 oyu 27 kun o‘tib xalqaro grossmeyster darajasiga erishgan. Bu paytda, ya'ni 12-13 yoshlarida Karlsen bir yilda deyarli har oyda bittadan nufuzli xalqaro turnirda ishtirok etgan. Yanayam aniq aytadigan bo‘lsak, Magnus 2003 yili 9 ta, 2004 yili esa 11 ta shunday turnirda o‘ynab, ham xalqaro master (IM) va xalqaro grossmeyster (GM) talablarini bajargan, ham o‘z reyting ballarini ancha ko‘tarib olgan.

Eng yosh grossmeyster sifatida “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kirgan Sergey Karyakin ham 10 – 12 yoshlarida har yili kamida 10 ta xalqaro musobaqada ishtirok etgan va, tabiiyki, turnirlarda erishgan muvaffaqiyatlari uning 13 yoshga to‘lmasdan xalqaro grossmeyster unvoniga erishishiga olib keldi.

Endi o‘zbekistonlik yosh iqtidorli shaxmatchilarning xalqaro musobaqalardagi ishtirokini mamlakatimiz (Nodirbek 2014 yil may oyida Georgiy A'zamov xotira turnirida 2 nafar xalqaro grossmeysterni mag‘lub etganidan so‘ng o‘n yettinchi jahon chempioni Rustam Qosimjonov shunday degan edi: “Nodirbek 9 yoshida mening 9 yoshimdagidan ko‘ra ancha yaxshi o‘ynayapti”) va xorijlik ekspertlar tomonidan eng istiqboli porloq shaxmatchi sifatida qaralayotgan Nodirbek Abdusattorov (“Nodirbek Abdusattorov, el genio uzbeko de 11 años que amenaza el reinado de Magnus Carlsen”— “Nodirbek Abdusattorov, Magnus Karlsen hukmronligini tahlikaga solgan 11 yoshli o‘zbek dahosi”— lavanguardia.com; “Course au record” — “Rekord sari yo‘l” — echiquier-bordelais.fr, “Nodirbek Abdusattorov: The next Kasparov?”—“Nodirbek Abdusattorov: navbatdagi Kasparovmi?— chess.com va hokazo) misolida ko‘rib chiqamiz.

Nodirbek 2015 yili 5 ta, 2016 yili ham 5 ta xalqaro musobaqada ishtirok etgan:

2015 yil:

Fevral: Tashkent Round Robin xalqaro turniri — 1-o‘rin.

Mart: Georgiy A'zamov xotira turniri — 17-o‘rin.

Iyun: Tojikistonning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo (3.4- zonasi) birinchiligi.

Oktyabr: 12 yoshgacha bolalar o‘rtasida jahon chempionati (Gretsiya) — 4-o‘rin.

Dekabr: Qatarning Doha shahrida bo‘lib “Qatar masters” xalqaro turniri.

2016 yil:

Yanvar: “Moskva open” xalqaro turniri (Rossiya).

Aprel: Georgiy A'zamov xotira turniri.

Sentyabr: Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro turnir — 10-o‘rin.

Oktyabr: Mixail Chigorin xalqaro xotira turniri (Sankt-Peterburg,  Rossiya) — 372 ishtirokchi orasida 6-o‘rinni egallab, xalqaro grossmeyster normasini bajardi.

Dekabr: Maktab o‘quvchilari o‘rtasida jahon chempionati (Sochi, Rossiya) — 13 yoshgacha bolalar o‘rtasida 2 ta oltin medal.

Demak, Nodirbek Abdusattorov oxirgi ikki yilda 10 ta xalqaro musobaqada ishtirok etgan. Shulardan 2 tasi bolalar o‘rtasidagi musobaqa, ulardagi ishtiroki xarajatlari davlat hisobidan qoplangan. 10 ta turnirdan 3 tasi O‘zbekistonda o‘tkazilgan, qolganlari xorijiy davlatlarda. Demak, 2 yil davomida Tojikiston, Rossiya, Malayziya va Qatarda bo‘lib o‘tgan 5 ta xalqaro turnirga u o‘z hisobidan borib kelgan. Birgina Qatar safari onasi ham borganligi uchun yosh chempionlar oilasiga 3500 dollarga tushgan...

Nodirbek Abdusattorovdek salohiyatli shaxmatchi uchun ikki yilda bor-yo‘g‘i 10 ta xalqaro musobaqada ishtirok etish kam, judayam kam. Ammo bundan ortig‘ini oila byudjyeti ko‘tarmaydi. Oila bekasi Marziya Ochilovaning aytishicha, mana bir necha yildan buyon xalqaro musobaqalarga farzandlari Bahora (bir necha karra O‘zbekiston va Osiyo chempioni, jahon chempionati kumush medali sovrindori, 2013 yili Osiyoning eng yaxshi yosh shaxmatchisi bo‘lgan) va Nodirbekni olib borishga homiylik qilish masalasida bir nechta tashkilotlarga murojaat qilgan. Lekin mutasaddilar, jumladan, Respublika shaxmat federatsiyasi va Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi nizomida bolalarni kattalar o‘rtasidagi musobaqalarga yuborish nazarda tutilmaganini aytib, yordam berishni rad etishgan...

Bundan shunday xulosaga kelish mumkin: mutasaddilar Nodirbek Abdusattorovni yosh bola, deb o‘ylashayapti!

U shaxmatchi sifatida endi yosh bola emasligini esa grossmeysterlarni mag‘lub eta boshlagan 9 yoshidan buyon isbotlab kelmoqda.

Yana bir muammo. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yangi tayinlangan Sog‘liqni saqlash vaziriga xorijga chiqib ketgan malakali tibbiyot xodimlarini O‘zbekistonga qaytarish vazifasini yukladi. Bu muammo sportda, jumladan, shaxmatda ham mavjud. Mana, xorijiy davlatlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, hozir jahonning eng yetakchi shaxmatchilaridan — italiyalik Fabiano Karuana, filippinlik Uesli So, yaponiyalik Xikaru Nakamura 1-2 yildan buyon AQShga ko‘chib o‘tib, xalqaro musobaqalarda o‘sha mamlakat sharafini himoya qilmoqda. Uzoqqa bormaylik, 1998 yili 16 yoshgacha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan samarqandlik xalqaro grossmeyster Ibrohim Hamroqulov anchadan buyon Ispaniya, toshkentlik Temur Gareyev esa AQSh bayrog‘i ostida dona surmoqda. Bular-ku kattalar o‘rtasida, hozir rivojlangan davlatlar skaut va seleksionerlari dunyo bo‘yicha izg‘ib, yosh iqtidorlarni “ovlash” bilan bandligi hech kimga sir emas.

Mana, masalan, qozog‘istonlik 2004 yilda tug‘ilgan iste'dodli shaxmatchi Bibisora Assauboyeva o‘tgan yilning 1 sentabridan beri Rossiya sharafini himoya qilmoqda. Qozog‘istonda yetarlicha e'tibor va qo‘llab-quvvatlashga erisholmagan bu shaxmatchi qiz Rossiyaga ko‘chib o‘tganidan so‘ng ikki oy o‘tar-o‘tmas 12 yoshgacha qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Rossiya shaxmat federatsiyasi g‘aznasiga oltin medal taqdim etdi...

Nodirbekni o‘shanaqa skautlardan asrash uchun ham uni moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlashimiz lozim.

Endi maqola boshidagi stipendiya masalasiga qaytsak.

To‘g‘ri, Respublika shaxmat federatsiyasi o‘z imkoniyatidan kelib chiqib belgilagandir stipendiya miqdorini. Lekin Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining bundan 10-20 baravar ko‘proq stipendiya tayinlashga qurbi yetadi-ku!

Masalani birgina Nodirbek Abdusattorov misolida ko‘rib chiqdik.

Mamlakatimizda bunday iqtidorli yoshlar, xususan shaxmatchilar ko‘p. “Iste'dodlar — millatimiz boyligi, Vatanimiz faxri, g‘ururi” degan gaplarni ko‘p aytamiz, maqolalar yozamiz. Ular xalqaro doirada yutuqqa erishadigan bo‘lsa, teleko‘rsatuv, radioeshittirishlarda bong uramiz. Ammo ularning va ota-onalarining sahna pardasi ortidagi mehnatini, chekayotgan mashaqqatlarini hammamiz ham bilavermaymiz. Ularga yordam berishga qurbi yetadiganlar esa turli byurokratik to‘siqlarni yengib o‘tishga kuch, balki xohish topolmaydilar.

Aytilganlardan kelib chiqib, mutasaddi rahbarlarga shunday takliflarimiz bor:

1. Jahon chempionlariga davlat miqyosida stipendiya tayinlash.

2. Jahon, qit'a va mamlakat chempionini tarbiyalagan murabbiylarni munosib moddiy rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘yish.

3. Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi nizomiga iste'dodli yosh sportchilarning kattalar o‘rtasidagi musobaqalarda ishtiroki uchun mablag‘ ajratishni nazarda tutuvchi band kiritish (bu, asosan, shaxmatga taalluqli).

4. O‘zbekistonda shaxmatni yanada rivojlantirishga doir davlat dasturini qabul qilish.

Agar eng oxirgi taklif amalga oshirilsa, o‘z-o‘zidan undan oldingi takliflar ham amalga oshar, shuningdek, sohaga oid boshqa muammolar ham yechimini topar edi.

Husan KARVONLI

Mavzuga oid