O‘zbekiston | 15:22 / 08.02.2017
105606
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hukumati Navro‘z bayramini nishonlash tartibiga o‘zgarishlar kiritishi mumkin

O‘zbekistonda bu yili Navro‘z bayramini o‘tkazish tartibi avvalgi yillardagidan farqli bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu yilda Navro‘z bayrami o‘zgacha nishonlanishiga ishora qilgan. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi milliy bog‘da tantanali tadbir uyushtirilmaydi, bayram kuni Toshkent shahridagi yo‘llar yopilmaydi. Shahardagi barcha xiyobonlar va boshqa istirohat bog‘lari shaharliklar va poytaxt mehmonlari uchun ochiq bo‘ladi. 

Navro‘z bayramigacha bir oydan ko‘proq vaqt qoldi. Hozircha bu boradagi o‘zgarishlar haqida rasmiy ma'lumotlar berilmagan, Madaniyat va sport ishlari vazirligida bu masalaga oydinlik kiritish bo‘yicha savolga javob qaytarishdan bosh tortishgan hamda davlat rahbarining bunday farmoni yo‘qligi bildirilgan

Navro‘z bayrami O‘zbekistonning butun hududida yuz yillardan buyon nishonlanib kelinadi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Navro‘z bayrami tiklangan va 21 mart kuni rasman bayram kuni sifatida nishonlanishi joriy etilgan. Bu kunda joylarda konsertlar uyushtiriladi, savdo yarmarkalari hamda ko‘pkari tashkil etiladi, katta qozonlarda sumalak tayyorlanadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Prezident Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida so‘zlagan nutqida bu yil Navro‘z qanday nishonlanishini aytgandi.

«Biz bu yil Navro‘zni xalq sayli qilamiz. Ana shuni hamma bilsin. Biz hozirdan tayyorgarlik qilaylik. Bu yil odamlar bilan muloqot yili deb e'lon qildik. Navro‘z — sayl bu. Shuning uchun mana hamma rayon hokimlari eshitsin — dalalarda, bog‘larda sayl bo‘ladi. Toshkentda ham mana shu 11ta rayonimizda bog‘lar quryapmiz. Biz topshiriq berdik, saylda qatnashamiz hammamiz. 

Odamlar emin-erkin xohlagan bog‘iga borsin, mazza qilsin», — degandi u.

Mavzuga oid