Sport | 11:12 / 13.02.2017
6912
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik yunon-rum kurashchilari Rossiyadagi turnirda 2ta medalni qo‘lga kiritdi

11-12 fevral kunlari Rossiyaning Podolsk shahrida yunon-rum kurashi bo‘yicha Yevropa chempioni V. Ivlev sovrini uchun IX Xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi. Unda asosan Rossiya, Qozog‘iston, Belarus hamda o‘zbekistonlik polvonlar g‘oliblik uchun kurash olib borishdi. Mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi sakkiz nafar kurashchi bilan ishtirok etdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

59 kg vazn toifasida Feruz To‘xtayev, 66 kg vaznda Danila Morozov va Nurbek O‘ktamov, 80 kg vazn toifasida Jonibek Otabekov, 85 kg vaznli sportchilar bahsida Rustam Sultonov, 98 kg vazn toifasida Jahongir Turdiyev va Ikrom Ibragimov, shuningdek, o‘ta og‘ir, ya'ni 130 kg vazn toifasida Abbos Ibragimovlar O‘zbekiston sharafini himoya qilishdi. 

Musobaqada Feruz To‘xtayev barcha raqiblarini mag‘lub etib, yakunda oltin medal sohibiga aylandi. Jonibek Otabekov esa kumush medaliga sazovor bo‘ldi. Bundan avvalroq ushbu polvon Vengriya poytaxti Budapesht shahrida tashkil etilgan jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgandi. Shu tariqa O‘zbekiston terma jamoasi Rossiyadagi turnirni bitta oltin va bitta kumush medali bilan yakunladi. 

Endi erkin va yunon-rum kurashchilarimiz Turkiyaga yo‘l olishadi va mavsumning navbatdagi xalqaro musobaqasida ishtirok etishadi. Istanbulda tashkil etiladigan turnir 3-5 mart kunlari yunon-rum kurashi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tsa, 10-12 mart kunlari erkin kurashchilarimiz gilamga chiqadilar.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid