Jamiyat | 08:55 / 15.02.2017
40886
3 daqiqa o‘qiladi

Milliy xavfsizlik xizmati ta'magir sudyani qo‘lga oldi

Surxondaryo viloyati MXX boshqarmasi operativ xodimlari prokuratura vakillari bilan hamkorlikda Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudi sudyasini ushlash bo‘yicha maxsus amaliyot o‘tkazdi. U xizmat vakolatlarini suiiste'mol qilganlik va poraxo‘rlikda ayblanmoqda, deb xabar qiladi Sputnik agentligi xavfsizlik xizmati vakiliga tayangan holda. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Qumqo‘rg‘on tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi sudyasi Nurali Panjayev murojaatlarni ko‘rib chiqishda vakolatlarini suiiste'mol qilgan va fuqarolardan, sud qarorini ularning foydasiga chiqarish uchun ta'magirlik yo‘li bilan pul yoki boshqa moddiy boyliklarni olgan. 

"Xususan, 2016 yil iyun oyi boshida Nurali Panjayev O‘zbekiston fuqarosining "Qishlok qurilish bank" ATB tuman bo‘limi tomonidan unga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha murojaatini ko‘rib chiqqan. Hakam murojaatchi ayol talabiga muvofiq qaror chiqarish maqsadida, Qumqo‘rg‘on tumani markazida ayolga tegishli bo‘lgan 45 sotix yer maydonidan 10 sotixini o‘z nomiga rasmiylashtirib berishni talab qilgan. Shundan so‘ng, 2016 yil 16 iyunda Panjayev "Qishlok qurilish bank" ATBga 601 million so‘mdan ortiq mablag‘ni to‘lash xususida qaror chiqaradi", — degan MXX xodimi. 

Bundan tashqari, Nurali Panjayev boshqa bir mijozining nikohini bekor qilish uchun 500 dollar so‘rashi barobarida, ta'magirlik vositasida olgan 10 sotix yerini sotib olishni talab qilgan. 

Shu kunlarda, operativ xodimlar Panjayev nikohni bekor qilish uchun 500 AQSh dollari miqdoridagi pora va 10 sotix yer uchun 80 million so‘m olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Prokuratura organlari Nurali Panjayevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi ("Pora olish") bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Mavzuga oid