Jahon | 15:46 / 19.02.2017
9289
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil tomoni Yaqin Sharq uchun eng jiddiy tahdidlarni sanadi

Isroil Mudofaa vaziri Avigdor Libermanning hisoblashicha, Eron va uning yadroviy ambitsiyalari Yaqin Sharqqa tahdid solib turibdi. Bu haqda u Myunxenda o‘tkazilgan xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan konferensiya chog‘ida ma'lum qildi.

"Yaqin Sharqda biz uch muammoga duch kelamiz: Eron, Eron va yana Eron", degan u.

"Birinchisi, Eronning yadroviy ambitsiyalari, ballistik raketalarni takomillashtirish dasturi, shuningdek, Yaqin Sharqqa (Yaman, Livan yoki Suriya) qurol-yarog‘ olib kirilishi", degan vazir.

U ikkinchi tahdid sifatida Tehronni Yaqin Sharqdagi davlatlarda beqarorlik yuzaga keltirishda ayblagan. "Bular Bahrayn, Yaman, Livan, Suriya. Lekin bugungi kunda Eronning birinchi nishoni - Saudiya Arabistoni", deya qo‘shimcha qilgan u.

Isroillik vazirning so‘zlariga ko‘ra, "uchinchi muammo - bu Eronning o‘zini tutishi". Uning fikricha, Eron Yaqin Sharqda radikal guruhlar bilan ittifoq tuzgan. "Livanda "Hezbolloh" (shialar - tahr.) bor, G‘azo sektorida "Jihodchilar" va HAMAS, Yamanda husiychilar, Iroqda shia bo‘linmalari", degan Liberman.

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif Myunxendagi xavfsizlik konferensiyasida so‘zlagan nutqida Eronning yadroviy dasturi tinchlikparvarlikka asoslanganini ta'kidladi.

"Barcha bir yilda yadroviy qurolni yaratish uchun bizning qudratimiz yetarli ekanligini aytadi, biroq men aniq va ravshan qilib ma'lum qilamanki, yadroviy qurol hech qachon bizning xavfsizligimiz uchun xizmat qilmaydi, u birorta mamlakatga yordam bermaydi. Hozir yadroviy qurol egalari klubiga qo‘shilish emas, qurolning bu turidan xalos qilish vaqti", - deya qo‘shimcha qildi u.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid