Jahon | 14:43 / 20.02.2017
3563
2 daqiqa o‘qiladi

Misr Liviya bilan chegaradagi vaziyatni nazorat qilmoqda

Liviya-Misr chegarasidagi vaziyat barqaror va nazorat ostida. Liviya hukumatlaridan biri – Vakillar palatasi kuchlari qo‘mondoni Xalifa Xaftar Misrning On TV telekanaliga bergan intervyusida shunday bayonot bergan. 

«Misr tomoni quruqlik va havo hududini nazorat qilmoqda», - degan Xaftar.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Liviya mamlakatning barcha shaharlari ozod etilganidan so‘ng erkin mamlakatga aylanadi. 

«Birgina Beng‘ozi shahrini ozod qilish vaziyatni o‘zgartirmaydi. Liviyaning boshqa  shaharlari, xususan Tripoli aholisi hamon og‘ir ahvolda. Shuning uchun xursand bo‘lishga hali vaqtli», - degan Xaftar.

Qo‘mondonning ta'kidlashicha, Liviyaning asosiy neft konlari va portlari Vakillari palatasi kuchlari nazoratidadir. «Hech bir davlat Vakillar palatasi bilan kelishmasdan biror harakatni amalga oshira olmaydi», - degan general.

Xaftar, shuningdek, «Musulmon birodarlar» tashkilotining Liviyadagi faoliyatiga ham izoh bergan.
 
«Ular davlat boshqaruvi organlariga kirib olib, hamon politsiya va armiyani yo‘q qilishga harakat qilmoqda. Biz Liviya sharqiy tumanlari aholisining «Musulmon birodarlar»ni yo‘q qilishga doir chaqiriqlariga javob berdik. Natijada ushbu tashkilotning 300 yaqin qurollangan tarafdori qo‘lga olindi», - deya ma'lum qilgan qo‘mondon. 

2011 yil 17 fevraldagi inqilobdan so‘ng Liviya siyosiy beqarorlik ostonasiga qadam qo‘ygan edi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid