Jamiyat | 15:53 / 21.02.2017
12403
3 daqiqa o‘qiladi

G‘ulom Mirzoning “Mustaqillikning zalvorli odimlari” kitobi bosmadan chiqdi

2017 yil 21 fevral kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Cho‘lpon” nomidagi nashriyot-matbaa ijodiyot uyi bilan hamkorlikda nashr etilgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzoning “Mustaqillikning zalvorli odimlari” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda ijtimoiy-siyosiy va huquqiy gazeta-jurnallarning bosh muharrirlari, taniqli jurnalistlar va tarixchi olimlar, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti professor-o‘qituvchilari va jurnalistika, filologiya yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar, O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi a'zolari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Muallifning “Mustaqillikning zalvorli odimlari” nomli to‘plami ikki kitobdan iborat. To‘plamning birinchi kitobi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligiga, ikkinchi kitob O‘zbekiston  Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning so‘nmas xotirasiga bag‘ishlangan.

Birinchi kitobda muallifning qariyb 25 yil davomida davriy matbuotda e'lon qilingan publitsistik maqola, sharh va reportajlarining salmoqli qismi jamlangan. Ikkinchi kitobdan rang-barang mavzulardagi tahliliy maqolalar, shuningdek, turli soha mutasaddilari va yetakchi mutaxassislar bilan intervyular joy olgan. Har ikki kitob tarkibidagi 10 ta fasl, 19 ta bob, 203 ta mavzu, jami qariyb 1100 sahifa – bularning barchasi keyingi chorak asr davomida hayotimizning turli sohalarida amalga oshirilgan ezgu ishlarning muallif imkoni darajasidagi xolis va kamtarin talqinidir.

Ma'lumot uchun: Istiqlol yillarida G‘ulom Mirzoning “Obod mahalla – obod mamlakat taraqqiyoti kafolati”, “Konstitutsiya va ma'naviyat”, “Konstitutsiyamiz – buyuk Hayot qomusimiz”, shuningdek, “O‘zbekiston konstitutsiyaviy davlat sari”, “Saylovlar va ommaviy axborot vositalari” hamda “Demokratik va xalqchil Qomus” (A.Saidov bilan hammualliflikda), “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va ommaviy axborot vositalari” hamda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va ommaviy axborot vositalari” (S.Xidirov bilan hammualliflikda) kabi kitob va risolalari nashr etilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid