Iqtisodiyot | 09:38 / 22.02.2017
30871
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda pomidor kombayn yordamida terib olindi

Samarqand viloyatidagi intensiv bog‘larning katta qismi Jomboy tumani hissasiga to‘g‘ri keladi. Sabzavot mahsulotlari yetishtirish va uni qayta ishlash, yangi turdagi qishloq xo‘jalik ekinlari parvarishlash borasida ham tumanda boy tajriba to‘plangan. O‘tgan yili tumanda Gollandiyaning “Beyo-Zaden” va Ukrainaning “Gelios-1” kompaniyalari bilan hamkorlikda intensiv usulda sabzavot yetishtirish bo‘yicha tajriba almashildi. Bu haqda O‘zA yozmoqda. 

– O‘tgan yili tumandagi 22 fermer xo‘jaligining 20 gektar yerida yangi ekin turlari – pasternak, tsikori, keyl karami, yashil qovoqcha, pirey piyozi (lukpari), brokli karami sinovdan o‘tkazildi, – deydi tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i A.Obloqulov. – Barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilgani, muhimi, tuproq va iqlim sharoiti to‘la mos kelgani tufayli ushbu ekinlardan kutilganidan ham ziyod hosil olindi. Yetishtirilgan mahsulotlarning asosiy qismi viloyatdagi korxonalarda qayta ishlanib, xorijga eksport qilindi. Shu bois joriy yilda 430 gektar yerda brokli karami, yashil qovoqcha, tsikori, lukpari ekinlari, shuningdek, sabzavotning xorijdan keltirilgan o‘ndan ortiq yangi va serhosil navlarini to‘qsonbosti usulida yetishtirayapmiz. Bu mahsulotlarni sotib olish va eskport qilish bo‘yicha viloyatdagi bir qator korxonalar bilan shartnomalar imzolangan. 

2016 yilda tumandagi “Maroqand meva-sabzavot” fermer xo‘jaligida 350 gektar maydonda pomidorning intensiv navlari yangi usulda ekilib, parvarishlandi. Italiyadan keltirilgan maxsus seyalka yordamida urug‘ tarzida ekilgan pomidorning gektaridan o‘rtacha 80 tonnadan hosil olindi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, to‘qson kunda pishib yetilgan hosil Germaniyadan keltirilgan maxsus kombaynlar yordamida terib olingan va qayta ishlanib, xorijga eksport qilingan. Bu yil xo‘jalikda yana ham ko‘proq maydonda yangi usulda pomidor yetishtirish va hosildorlikni 100 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid