O‘zbekiston | 19:20 / 23.02.2017
57301
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston doimiy aholisining soni ma'lum bo‘ldi

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 2017 yilning 1 yanvar holatiga respublika doimiy aholisining soni 32 121,1 ming kishini tashkil qildi va yil boshidan 545,8 ming kishiga yoki 1,7 foizga ko‘paydi. Shundan, 16 238,5 ming kishi – shahar joylarida (aholi umumiy sonining 50,6 foizi) va 15 882,6 ming kishi – qishloq joylarida (49,4 foizi) istiqomat qiladi, deb xabar bermoqda Davlat statistika qo‘mitasining matbuot xizmati.

Yanvar–dekabrda respublika bo‘yicha aholining tabiiy harakati koeffitsiyentlari quyidagicha ifodalanadi:

Ma'lum qilinishicha, 2016 yilning yanvar–dekabrida tug‘ilganlar soni 726,8 mingtani tashkil qildi va 2015 yilning shu davriga (734,1 ming kishi) nisbatan 7,3 ming kishiga kamaydi. Tug‘ilish koeffitsiyenti mos ravishda 22,8 promilleni tashkil qildi va 2015 yilning shu davriga (23,5 promilleni) nisbatan 0,7 promilega kamaygan. 

2016 yilning yanvar–dekabrida vafot etganlar soni 154,5 mingtani tashkil qildi va 2015 yilning shu davriga (152,0 ming kishi) nisbatan 2,5 ming kishiga ko‘paydi. Mos ravishda o‘lim koeffitsiyenti 4,8 promilleni tashkil qildi (2015 yil yanvar–dekabrda – 4,9 promille).

Qayd etilishicha, vafot etganlar umumiy sonidan 59,6 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,4 foizi – o‘sma kasalliklaridan, 6,7 foizi – baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlardan, 5,9 foizi – ovqat hazm qilish organlari kasalliklaridan, 4,9 foizi – nafas olish organlari kasalliklaridan, 1,9 foizi – infeksiya va parazitlar bilan kasallanganligi sababli, 11,6 foizi boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2016 yilning yanvar–dekabrida bir yoshga to‘lmagan 7,7 mingta bolalar o‘limi kuzatildi. Bolalar o‘limi koeffitsiyenti 10,5 promilleni tashkil qildi (2015 yilning yanvar–dekabrida–11,4 promille).

Bir yoshgacha vafot etgan bolalarning umumiy sonidan 56,7 foizi perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 22,4 foizi – nafas olish organlari kasalliklaridan, 9,8 foizi – tug‘ma anomaliyalardan, 3,1 foizi – infeksiya va parazitlar bilan kasallanganligi sababli, 1,9 foizi – baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlardan, 0,6 foizi – ovqat hazm qilish organlari kasalliklaridan, 5,5 foizi boshqa kasalliklardan vafot etgan.

2016 yilning yanvar–dekabrida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida 275,1 mingta nikohlar va 29,4 mingta ajralishlar ro‘yxatga olindi. Ming aholiga nisbatan 8,6ta (2015 yilning shu davrida – 9,2 ta) nikoh va 0,9ta (2015 yilning shu davrida – 0,9 ta) ajralishlar to‘g‘ri keladi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2016 yilning yanvar–dekabr oylarida respublika bo‘yicha ko‘chib kelganlar soni 141,7 ming kishini, shu davr mobaynida ko‘chib ketganlar soni esa 168,3 ming kishini tashkil qildi. Migratsiya qoldig‘i minus 26,6 ming kishiga (2015 yilning shu davrida – minus 29,3 ming kishi) teng bo‘ldi.

Mavzuga oid