Jahon | 17:03 / 24.02.2017
11538
2 daqiqa o‘qiladi

Karachidan Madinaga uchgan samolyotda 7 kishi tik oyoqda turib ketgan

© Flickr

Pokistonning Pakistan International Airlines (PIA) aviakompaniyasi Karachi-Madina reysida 7 kishi tik oyoqda turib ketishga majbur bo‘lgani haqidagi ma'lumotni tekshirmoqda. Bu haqda Dawn nashri xabar tarqatdi.

Hodisa 20 yanvar kuni ro‘y bergan, ammo o‘shanda ekipaj rahbariyatga bu hodisa haqida hisobot bermagan, bu haqda endigina ma'lum bo‘lgan. Bundan tashqari, nashrda yozilishicha, kompaniya xodimlari bir-birini ayblayotgani uchun fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi shu vaqtgacha aybdorni aniqlay olmayapti.

Nashrning ma'lumotiga ko‘ra, reys 409 o‘rinli Boeing 777 samolyotida amalga oshirilgan, ammo bortga o‘sha kuni 416 yo‘lovchi chiqqan. Qo‘shimcha yo‘lovchilarning qo‘lida kompyuterda emas, qo‘lda yozilgan talon bo‘lgan.

Bort kuzatuvchilar rahbari Xina Turob katta uchuvchiga bortda ortiqcha yo‘lovchilar tufayli tartibsizlik yuzaga kelgani haqida xabar qilganini aytmoqda, ammo samolyot uchish yo‘lagiga chiqib bo‘lgani tufayli unga yo‘lovchilarga joy topib berish ko‘rsatma qilingan. Samolyot uchuvchisi Anvar Odil esa Turob unga bu haqida samolyot havoga ko‘tarilganidan keyin xabar berganini aytgan.

U Karachiga qaytganidan keyin bu haqda hisobot bermaganini bortdagi yo‘lovchilar soni ro‘yxatdagi bilan teng bo‘lishini bort kuzatuvchilar rahbari kafolatlashi kerak bo‘lgani bilan izohlagan. Uning aytishicha, Turob bortda ortiqcha yo‘lovchilar borligini bila turib, eshiklarni yopmasligi, aeroport xodimlari esa qo‘lida qo‘lda yozilgan talon ko‘targan yo‘lovchilarni samolyotga chiqarmasligi kerak edi.

Aviakompaniyaning rasmiy vakili Daniyal Gilani bu vaziyatga munosabat bermadi. U tekshiruv yakunlanganidan keyin bayonot berishni rejalashtirgan. Tekshiruv davomida xavfsizlik qoidalari buzilgani aniqlansa, tegishli choralar ko‘rilishi aytilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid