Jamiyat | 17:26 / 01.03.2017
27694
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni hokimiyatlar taqsimlaydi

2017 yilda Toshkentda 102ta yangi ko‘p qavatli turarjoylar barpo etiladi. Ulardagi xonadonlarni tumanlar hokimiyatlari huzurida tashkil etiladigan hududiy komissiyalar taqsimlaydi. “Ipoteka bank”ning Respublika boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida shu haqda ma'lum qilindi, deb yozmoqda Podrobno.uz agentligi.

Umuman, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «2017-2020 yillarda shaharlarda ko‘p xonadonli arzon uylarni qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha Dasturni amalga oshirish choralari to‘g‘risida»gi 2016 yil 22 noyabrdagi qaroriga muvofiq, respublikada 2017-2020 yillar mobaynida 945ta ko‘p xonadonli turarjoylar qurish rejalashtirilgan. 2017 yilda jami 191ta, shundan 102tasi Toshkent shahrida barpo etiladi. 

«Turarjoyga muhtoj bo‘lgan fuqarolar shahar hokimiyatlari huzurida hududiy komissiyalarga ariza bilan murojaat qilishlari kerak. Komissiya ijobiy xulosa chiqarishi uchun murojaat qiluvchi ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadon tanlanadi. Shu bilan bir vaqtda Ipoteka banki bo‘linmalarida xonadon narxining 25 foizi miqdorida boshlang‘ich badal to‘lanib, hisob raqami ochilishi lozim», - degan Ipoteka bankining turarjoylar qurilishini moliyalashtirish boshqarmasi rahbari Shuhrat Toshpo‘latov.

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, o‘ziga biriktirilgan xonadonni xarid qilishi uchun bankka qator hujjatlarni taqdim etadi. Ular orasida kredit oluvchining pasporti nusxasi, kredit oluvchining so‘nggi 12 oydagi daromadiga doir ish joyidan ma'lumotnoma kabilar bor. 

Kredit boshlang‘ich 3 yillik imtiyozli davr bilan 20 yil muddatga taqdim etiladi. Kredit bo‘yicha dastlabki besh yildagi foiz stavkasi 7 foizni, keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi qayta moliyalash stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblanadi. Bank xarid qilinayotgan turarjoyning 75 foizi miqdoridagi qiymatini moliyalashtiradi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid