Jahon | 16:52 / 02.03.2017
8083
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an: Turkiya Suriyada Rossiya armiyasi bilan to‘qnashuvni istamaydi

Foto: Reuters

Turkiya prezidenti Toyyib Erdo‘g‘an Turkiya, Rossiya va “Suriya ozod armiyasi” o‘rtasida hodisalar ro‘y bermasligi uchun barcha choralar ko‘rilayotganini ma'lum qildi.

Haber Turk telekanalining xabar qilishicha, u bu haqda Pokistondan qayta turib samolyotda jurnalistlarga aytgan.

"Bizning maqsadimiz – bunday hodisalar ro‘y berishiga yo‘l qo‘ymaslik. Umid qilamanki, ular kuzatilmaydi. Biz bunday xatolar bo‘lishini istamaymiz", - dedi u. Erdo‘g‘an bunday bayonotni Suriyada bir vaqtda jangovar amaliyotlar o‘tkazayotgan ikki davlat qurolli kuchlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ixtiloflar ehtimoli yuzasidan o‘z tashvishini bildirgan tahlilchilar tufayli qilgan. 

Erdo‘g‘anning “Firot qalqoni” aksilterrorchilik amaliyoti haqidagi fikrlariga ko‘ra, Turkiya QK va SOAning keyingi maqsadi Manbij shahri bo‘ladi. U yerda AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi “Suriya demokratik kuchlari”ning kurdlardan tashkil topgan tuzilmalari joylashgan. Turkiya bu tuzilmalardan ba'zilarini terroristik deb hisoblaydi.

“Amerika yangi ma'muriyatida Raqqa va Manbij hamda ulardagi amaliyotlarga nisbatan qarorlar bor, deya olmayman. Biroq bizning fikrimizcha, Suriya demokratik kuchlari ularda ishtirok etishi kerak emas. Amaliyotimiz Manbij shahriga yo‘naltiriladi. Bu shahar tozalanishi kerak, sababi u Suriyaning arab aholisiga tegishli", - dedi Erdo‘g‘an.

Shuningdek Erdo‘g‘an Moskvaga tashrifi davomida Rossiya bilan IShIDga qarshi hamkorlikda kurashish masalalarini ham muhokama qilishni rejalashtirgan.

“Biz Rossiyadan tegishli murojaat bo‘lsa, IShIDga qarshi birgalikda kurashni davom ettirishimiz mumkin. Martdagi tashrifimizda bu masalalarni atroflicha muhokama qilish imkoniyati bo‘ladi", - dedi u.

Erdo‘g‘an 9 mart kuni Moskva shahriga oliy darajadagi Rossiya-Turkiya Kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun keladi.

Turkiya TIV rahbari Mevlut Chavusho‘g‘lining ta'kidlashicha, Turkiya va Rossiya Al-Bob shahrida muxolifat va Suriya armiyasi kuchlari to‘qnashuvini oldini olish masalasi bo‘yicha kelishuvga erishgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid