Sport | 17:48 / 02.03.2017
18051
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston voleybol federatsiyasiga yangi rahbar saylandi

Bugun, 2 mart kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston voleybol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferentsiyani qo‘mita Bosh kotibi Oybek Qosimov olib bordi. Unda 2013-2016 yillar davomida olib borilgan ishlar bo‘yicha federatsiya rahbariyatining hisoboti tinglandi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar bergan

Xabarda so‘nggi yillarda mamlakatda voleybol sport turini rivojlantirish, ommaviyligini oshirish, zaxira sportchilarni tayyorlab borish, yosh iqtidorli sportchilarni saralash, tuman-shahar va viloyat musobaqalarini o‘tkazishga e'tibor kamayganligi yaqqol ko‘zga tashlanib qolgani ta'kidlanadi. 

Federatsiyaning avaalgi rahbariyati tomonidan O‘zbekistonda voleybol sport turini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilmagani, federatsiyaning 10ta hududiy bo‘limlarida faoliyat talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagani, sport musobaqalari tizimli ravishda, ya'ni tuman, viloyat bosqichlari deyarli o‘tkazilmagani va eng muhimi ommaviylikka e'tibor qaratilmaganligi sababli seleksiya va saralash ishlari yaxshi tashkil etilmagani qayd etilgan. 

"Shu boisdan ham federatsiya rahbariyatida o‘zgarish qilish, ishni qaytadan, samarali tashkil etish, sportning ushbu turini yoshlar orasida ommaviylashuviga e'tibor qaratish va shu orqali terma jamoalarga munosib nomzodlarni saralab olish, bir so‘z bilan aytganda federatsiya ishini tubdan isloh qilish bugungi kun talabi edi", deyilgan xabarda. 

Konferentsiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqilgan va O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi lavozimiga “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi Ergash Raxmatullayevich Shoismatov, uning birinchi o‘rinborsari lavozimiga “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi Abdug‘ani Abduraxmonovich Komilov bir ovozdan saylangan. 

Shuningdek, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi o‘rinbosari etib Sherzod Mahmudovich Xushvaqtov, federatsiya Bosh kotibi etib esa Sanjar Abdualiyevich Abdullayev saylanishgan. 

Konferentsiya ishida O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov va Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Alisher Sultanovlar so‘zga chiqib voleybol federatsiyasining yangi rahbariyati oldida turgan ustuvor vazifalarga alohida urg‘u berib o‘tishdi. 

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan birgalikda mazkur sport turi samaradorligini oshirishga qaratilgan alohida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda hududiy federatsiyalar faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, ishini jonlantirish, Olimpiya zaxiralari kollejlarida voleybol bo‘limlarini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasiga taklif kiritish, voleybol sport turini ommaviyligini oshirish maqsadida tuman, shahar va viloyat bosqichlari musobaqalarini tashkil etib, mavjud sport bazalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda bino va inshootlarni kapital ta'mirlash va rekonstruksiya qilish, Xalqaro voleybol federatsiyasi bilan hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish va mamlakat voleybol federatsiyasi vakillarini Osiyo va Xalqaro voleybol federatsiyasi rahbariyati tarkibiga kiritish choralarini ko‘rish federatsiya oldida turgan asosiy vazifalar sifatida belgilandi.

Mavzuga oid