Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ma'muriy sudlarning tashkil etilishi qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi
Prezidentning 2017 yil 21 fevralda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi"da qayd etilgan vazifalarni amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Bu ulkan ahamiyatga molik tarixiy hujjatlar mamlakatda sud tizimini yangi davr talabi asosida tubdan isloh etishga xizmat qiladi, deb xabar qiladi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati.
Farmonning ahamiyati, birinchi galda, jismoniy va yuridik shaxslar, tadbirkorlik sub'yektlari soni ortib borishini hisobga olgan holda, ularning huquqlarini ishonchli himoya qilish, murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, murojaatlarni ko‘rib chiqishda sansalorlik va befarqlikka yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan. O‘tgan davrda sud sohasida amalga oshirilgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida qabul qilingan mazkur hujjatda bir qator qonun me'yorlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish belgilangan.
Aytish kerakki, Prezident Farmoni asosida fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va xo‘jalik sudlari vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish orqali ma'muriy sudlarning tashkil etilishi ma'muriy tartib-taomillarni, bu boradagi tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yuksak natijadorlik bilan amalga oshirishda juda muhimdir. Binobarin, bugungi kunda bunday tizim ko‘plab davlatlarda o‘z faoliyatini samarali olib bormoqda.
Jismoniy va yuridik shaxslar davlat organlari bilan ko‘p qirrali munosabatlarga doimiy kirishib turishiga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, ma'muriy tartib-taomillarning huquqiy tartibga solinishi ayni shu shaxslarning o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishiga bevosita ta'sir ko‘rsatadi. Bu borada sudlarning ixtisoslashuvi esa, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish tizimi yanada mustahkamlanishiga zamin yaratadi.
Ma'muriy sudlarning tashkil qilinishi sudlarda mavjud bo‘lgan yuqori yuklamani yengillashtirish, sudyalarning o‘z faoliyatiga jiddiy mas'uliyat bilan yondashishiga keng imkon yaratadi. Ya'ni jismoniy va yuridik shaxslar bilan ishlashda ularning har bir talabini chuqur tahlil qilish, qabul qilinayotgan sud hujjatini tayyorlashda uni jamoatchilikka huquq va majburiyatlari tushunarli bo‘ladigan, sud qarorining barqarorligiga shubha tug‘dirmaydigan, sud qarori ustidan shikoyat qilinishiga hojat qoldirmaydigan darajaga yetkazish borasida keng imkoniyatlar yaratiladi.
Fuqarolik sudlari amaliyotida mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari va qarorlari ustidan qilingan shikoyat bilan bog‘liq nizolar ham kam emas.
Yuqorida qayd etilganlardan ham ko‘rinadiki, O‘zbekistonda ma'muriy sudlarni tashkil etish uchun zaruriy ehtiyoj mavjud.
Shu o‘rinda dunyo tajribasiga e'tibor qaratsak, Germaniya va Rossiya davlatlarida ma'muriy sudlar taraflardan biri ijro hokimiyatining organi, o‘zini o‘zi boshqarish idoralari, ularning mansabdor shaxslari yoki xizmatdagi shaxslar vakolatiga ega boshqa sub'yektlar bo‘lgan ishlarni ko‘radi.
Bunday nizolar doirasiga, jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning mansabdor shaxslar xatti-harakatlari, qarorlari ustidan berilgan shikoyatlari; shaxsni davlat idorasiga ishga qabul qilish yoki bo‘shatishga doir nizolar; saylov, referendum bilan bog‘liq nizolar; nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlar; urush nogironlari huquqlari; ishsizlikdan himoyalanish; bepul tibbiy va yuridik yordam olish; qonun hujjatlari ustidan berilgan shikoyatlar kiradi. Ayni chog‘da, ma'muriy sudlar vakolatlariga Konstitutsiyaviy sudlar tomonidan chiqarilgan hujjatlar; jinoiy javobgarlik va korxonaning ichki tartib-qoidalari bilan bog‘liq ishlar taalluqli emas.
Mamlakatda ma'muriy sudlarni tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari, qarorlaridan fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan yetarli huquqiy poydevor mavjud. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasida har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan.
Mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari, qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish, shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi Fuqarolik protsessual kodeksining talablari asosida tartibga solinib, alohida fuqarolik ish yurituviga ajratilgan.
Fuqarolik protsessual kodeksining 266-moddasiga muvofiq, davlat organlari va boshqa organlar, shuningdek, mansabdor shaxslarning hay'at tarkibi tomonidan hamda yakka tartibda amalga oshirilgan va pirovard natijada fuqaroning huquqlari va erkinliklari buzilishiga; fuqaroning o‘z huquqlari va erkinliklarini amalga oshirishi yo‘lida to‘sqinliklar vujudga kelishiga; fuqaro zimmasiga g‘ayriqonuniy majburiyat yuklatilishiga yoki uning g‘ayriqonuniy ravishda biror-bir javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lgan xatti-harakatlari yoki qarorlari sudga shikoyat qilinishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlar jumlasiga kirishi belgilangan.
Ma'muriy qonunchilik nafaqat jismoniy shaxslarning huquq va majburiyatlarini qamrab oladi, balki yuridik shaxslar, xususiy tadbirkorlarning manfaatlariga ham daxldordir. Masalan, Xo‘jalik protsessual kodeksining 23-moddasiga asosan ma'muriy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan nizolar xo‘jalik sudlari sudloviga taalluqlidir.
Xo‘jalik protsessual kodeksining 24-moddasiga muvofiq, ushbu toifadagi ishlarga davlat organlari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjatlarini butunlay yoki qisman haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi nizolar; davlat ro‘yxatiga olishni rad etganlik yoki belgilangan muddatda davlat ro‘yxatiga olishdan bosh tortganlik ustidan berilgan shikoyatlar; agar qonunda aktseptsiz, ya'ni so‘zsiz tartibda ja¬rima undirilishi nazarda tutilmagan bo‘lsa, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tashkilotlar va fuqarolardan jarimalar undirish to‘g‘risidagi nizolar; nazorat qiluvchi organlar tomonidan qonun hujjatlari talablarini buzgan holda so‘zsiz tartibda hisobdan chiqarilgan pul mablag‘larini byudjyetdan qaytarish to‘g‘risidagi nizolar kiradi.
Kezi kelganda, sudlarni ixtisosligi bo‘yicha bo‘lish prinsipi buyuk bobokalonlarimiz tomonidan bir necha asrlar avval joriy qilinganini ta'kidlash joiz. Jumladan, Sohibqiron Amir Temur davrida mamlakatda adolatni qaror toptirish uchun alohida muassasa — "Adolat devoni" xizmat qilgan. Sudlov ishlari qozilar tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, har bir shaharda "Dorul-adolat", ya'ni qozixonalar faoliyat yuritgan.
O‘sha davrda qozilar to‘rt toifaga bo‘lingan. Ya'ni birinchi toifa — Qozi-askar bo‘lib, u lashkar, sipohlar qozisi bo‘lgan. Ikkinchi toifa — urf-odatlar bilan bog‘liq ishlarni ko‘ruvchi Ahdos qozisidir.
Uchinchi toifa — ruhoniylar bilan bog‘liq ishlarni ko‘ruvchi Shayx-ul islom. To‘rtinchi toifa — aslzodalar bilan bog‘liq ishlarni ko‘ruvchi — Ihdom qozisi. Butun mamlakat bo‘yicha qozilar faoliyatini nazorat qilish Qozikalonga yuklatilgan.
Shunga ko‘ra, ma'muriy sudlarni tashkil etishda xalqaro ilg‘or tajribadan foydalanish bilan bir qatorda, mamlakatimizning o‘ziga xos davlat-huquqiy tuzilishi va huquqiy-tarixiy an'analaridan kelib chiqish lozim.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda O‘zbekiston sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar sudyalarga katta imtiyoz berishi barobarida ularning zimmasiga yuksak mas'uliyat ham yuklaydi. Ya'ni har bir sudya bildirilgan ishonchni sharaf bilan ado etishi, o‘zining ma'naviy va kasbiy fazilatlarini yuksaltirish borasida doimiy ish olib borishi, o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni qonun talablariga muvofiq holda samarali hal qilishi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga bo‘lgan e'tiborini keskin kuchaytirishi, bir so‘z bilan aytganda, sudyalik maqomiga har tomonlama munosib bo‘lishi talab etiladi.
Mavzuga oid
10:15 / 17.06.2026
O‘zbekistonda 10 yoshdan katta aholining qariyb barchasi mobil telefon ishlatadi
23:44 / 13.06.2026
Turkiyada qo‘lga olingan xalqaro qidiruvdagi ikki shaxs O‘zbekistonga qaytarildi
12:12 / 09.06.2026
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qisqardi
11:00 / 08.06.2026