Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Butunjahon musulmon ulamolar kengashi bosh kotibi O‘zbekiston hukumatiga tabrik yo‘lladi
Butunjahon musulmon ulamolar kengashi bosh kotibi Ali Muhyiddin Qoradog‘iyning O‘zbekiston rahbariyati hamda uning xalqiga Surxondaryo viloyatida barpo qilinadigan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi munosabati bilan yo‘llagan samimiy tabrigi ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqaldi. Ushbu tabrik video ko‘rinishida bo‘lib, mazmuni quyidagichadir:
“Alloh taologa hamdlar, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam), U zotning oila a'zolari, sahobalari hamda hidoyatga ergashganlarga Allohning salot va salomlari bo‘lsin! Barakotli, aziz, go‘zal, biz uchun sevikli bo‘lgan O‘zbekiston hukumatidagi hurmatli aka-ukalar, opa-singillar! Sizlarni barchangizni Alloh huzuridan bo‘lgan muborak, pokiza tabrik ila muborakbod etaman!
O‘zbekiston hukumatining ushbu rejalashtirgan muborak ishi – buyuk imomlardan bo‘lmish Imom Termiziy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi tashkil qilinishi meni juda ham xursand qildi. O‘zbekiston yurti juda ham ko‘plab muhaddislar, faqihlar va boshqa qator sohalarda yetuk olimlarni yetishtirib chiqargan. Ular sababli islom madaniyati, balki butun insoniyat madaniyati boyidi. Mana shunday yurt uchun bunday markazlarni ochilishi ajablanarli ish emas. Shuning uchun men O‘zbekiston hukumatini, shuningdek, u yerdagi musulmon xalqni ushbu qilinayotgan muborak ish munosabati bilan tabriklayman. Alloh taoloning izni ila ushbu maskan nafaqat O‘zbekiston hamda uning qo‘shni davlatlari, balki butun dunyo miqyosida o‘zining ijobiy samarasini beradi, insha Alloh.
Biz Islom dinining o‘zligi, tarixi bilan shon-sharafga sazovor bo‘ldik. Shuningdek, g‘arb dunyosi ham ushbu tarix ila zafarlarga erishdi. Shuning uchun biz o‘z tariximizni o‘rganishimiz, avvalgi ulamolarimiz singari unga ergashishimiz lozim.
Islom dini mo‘'tadil din bo‘lib, u faqat bunyodkorlikni xohlaydi, vayron qilishni emas, jamiyatni birlashtiradi, firqalarga bo‘lmaydi, insonlarni sevadi, ularni yomon ko‘rmaydi. Bu din o‘zbek xalqi va boshqa xalqlar uchun Allohning rahmatidir. Bu Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning siyratlari va U zotning risolatlaridir. Alloh taolo Qur'oni karimda “(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo, 107), degan.
Alloh taolo O‘zbekiston diyori – uning Prezidenti, hukumati, xalqi, olimlari, tolibi ilmlari barchasiga barakalar yog‘dirsin, ularni bundanda ko‘proq muvaffaqiyatlarga erishtirsin! Assalomu alaykum varohmatullohi va barokatuh!”
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligida Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi. Bu O‘zbekiston Prezidentining joriy yilning 14 fevraldagi qarorida o‘z aksini topgan.
Qaror islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma Abu Iso Termiziy (Imom Termiziy) va termiziy allomalarning merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, milliy-diniy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish maqsadida qabul qilindi.
Ali Muhyiddin Qoradog‘iy 1949 yilda Iroqning Qoradog‘ shahrida tug‘ilgan. 1975 yilda Bag‘dod Islom institutini, 1980 yilda Qohiradagi Azhar universitetini tamomlagan. 1985 yilda Azhar universitetida Shariat va qonun yo‘nalishi bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasini, 1995 yilda professor unvonini olgan. U moliyaviy muammolar, bank ishi va iqtisod kabi mavzularga oid o‘ttizdan ortiq kitob va yuzdan ziyod ilmiy maqolalar muallifidir. Hozirda Jahon musulmon ulamolar kengashining Bosh kotibi lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi I.Abduraxmonov
Manba: Muxlis.uz
Mavzuga oid
10:15 / 17.06.2026
O‘zbekistonda 10 yoshdan katta aholining qariyb barchasi mobil telefon ishlatadi
23:44 / 13.06.2026
Turkiyada qo‘lga olingan xalqaro qidiruvdagi ikki shaxs O‘zbekistonga qaytarildi
12:12 / 09.06.2026
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qisqardi
11:00 / 08.06.2026