Iqtisodiyot | 13:56 / 09.03.2017
9024
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekko‘mir» 690,5 million dollarlik loyihalarni amalga oshiradi

«O‘zbekko‘mir» AJ 690,5 mln. AQSh dollarilik oltita investitsiya loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Uzdaily.uz.

Loyihalar 2017-2021 yillarda ko‘mir sanoatini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi doirasida amalga oshiriladi.

Xususan, kompaniya qiymati 105,5 mln. dollar bo‘lgan «Sharg‘unko‘mir» Aktsiyadorlik jamiyati modernizatsiyasi» dasturini amalga oshirish niyatida.

Shuningdek «Angeren» koni qurilishi» loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Loyihaning dastlabki qiymati 165 mln. dollar.

Yana 175,2 mln. dollar «Nishbosh» koni qurilishi» loyihasiga investitsiya qilinadi. «O‘zbekko‘mir» AJ «Eskirgan uskunalarni almashtirish» loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Loyihaning dastlabki qiymati – 170,2 mln. dollar. Ushbu loyiha doirasida tog‘-kon texnologiyasi va yordamchi uskunalarini xarid qilish mo‘ljallangan.

Shuningdek qiymati 15 mln. dollar bo‘lgan «O‘zbekko‘mir» AJ ishlab chiqarish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash» va qiymati 59,6 mln. dollar bo‘lgan «Temir yo‘l transporti modernizatsiyasi» loyihasini amalga oshirish ko‘zlangan.

Loyihalar ko‘mir sohasi korxonalarining o‘z mablag‘lari (155,6 mln. dollar), tijorat banklari kreditlari (155,6 mln. dollar), O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi kreditlari (68,7 mln. dollar) va Xitoyning ShHT davlatlari uchun imtiyozli kreditlari (378,7 mln. dollar) hisobidan moliyalashtiriladi.

«O‘zbekko‘mir» AJ ma'lumotlariga ko‘ra, natijada foydali qazilmalarning yuzini ochish hajmi 2016 yildagi 21 mln. kub metrdan 2021 yilgacha 27,8 mln. kub metrga qadar oshadi.

2016 yilda ochiq usulda ko‘mir qazib olish hajmi 3,6 mln. tonnani tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 4,17 mln. tonnaga qadar ko‘payadi.

«O‘zbekko‘mir» AJning ta'kidlashicha, ko‘mir qazib olish umumiy hajmi 2016 yildagi 3,87 mln. tonnadan 2021 yilga kelib 11,67 mln. tonnaga qadar ortadi.
  

Mavzuga oid