O‘zbekiston | 16:37 / 13.03.2017
12008
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi Gruziya elchixonasi Batumidagi voqealar bo‘yicha bayonot berdi

Gruziyaning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalarida Batumi shahrida ro‘y bergan tartibsizliklarning yoritilishiga e'tibor qaratdi. 

«Gruziyaning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi O‘zbekiston Respublikasidagi Ommaviy axborot vositalariga hurmat saqlagan holda bildiradiki, 11 martdan 12 martga o‘tar kechasi Batumi shahrida siyosiy muxolifat kuchlari tomonidan maishiy mojaroni siyosiylashtirishga urinish holati sodir etildi. Namoyish tashkilotchilarining maqsadi mamlakatning tinch va barqaror taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘lish edi.

Gruziya elchixonasi alohida qayd etadiki, jamoatchilikning aksar qismi bunday buzg‘unchi harakatlarga salbiy munosabatda bo‘ladi. 

Ushbu hodisadan keyin Gruziya hukumati jamiyatning tinch hayotini ta'minlash maqsadida zarur barcha choralarni ko‘rgan. Ayni vaqtda Batumi shahridagi vaziyat sokin tus olgan, namoyish tashkilotchilari qo‘lga olingan va tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Gruziyaning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi Batumidagi voqealar yoritilishida ushbu ma'lumotlar inobatga olinishiga umid bildiradi», deyilgan elchixona xabarida.

Shahardagi tartibsizliklar 11 mart, shanba kuni kechqurun politsiyachilar olti nafar mahalliy fuqaroni hibsga olgach, boshlangandi. Politsiya boshqarmasi binosi oldida to‘plangan miting ishtirokchilari bino ichkarisiga bostirib kirishga urindi, ammo maxsus topshiriqli bo‘linmalar ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘llagan holda ularni to‘xtatgan. To‘qnashuvlar natijasida 30dan ortiq kishi, shu jumladan, politsiyachilar jabrlandi.

Politsiya namoyish uyushtirishda gumon qilingan 40dan ortiq kishini qo‘lga oldi.

Batumidagi tartibsizliklar tafsilotlari. 40dan ortiq kishi qo‘lga olingan

Mavzuga oid