Jahon | 10:59 / 13.03.2017
6424
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya: KXDR yangi yadro sinovini o‘tkazishga tayyor turibdi

Janubiy Koreya birlashish vazirligi KXDR istalgan vaqtda yangi yadro sinovini o‘tkazishi mumkinligi haqida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda «Renxap».

Ta'kidlanishicha, sun'iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarga ko‘ra, mamlakat shimoli-sharqida bunday sinov uchun joy bo‘lishi mumkin bo‘lgan tunnel qazilgan.

Agentlik Shimoliy Koreyadagi vaziyatni monitoring qilishga ixtisoslashgan Amerikaning 38 North sayti ma'lumotlariga tayangan. 

«Hukumatning fikricha, Pxenyan istalgan vaqtda yadro sinovini o‘tkazishi mumkin, sababi bunday tajriba mamlakatning yadro qurolini ishlab chiqish bo‘yicha rejasiga muvofiq tarzda amalga oshirilmoqda», - dedi Janubiy Koreya idorasi vakili.

Avvalroq KXDRning «Nodon sinmun» partiya gazetasi Pxenyan o‘zining mudofaa kuchini mustahkamlash, shuningdek mamlakat yadro maqomiga muvofiq o‘zini-o‘zi himoya qilish vositalarini rivojlantirish niyatida ekanini ma'lum qildi.

Shimoliy Koreya 2016 yilda ikkita yadro sinovini o‘tkazdi. Shuningdek, 2006, 2009 va 2013 yillarda ham shunday holatlar haqida xabarlar berilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid