Jahon | 11:15 / 14.03.2017
54252
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni qiroli Yaponiyaga 10ta samolyot bilan keldi

Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdulaziz Tokioga rasmiy tashrif bilan bordi. Bu saudiyaliklar qirolining 46 yil ichida ilk marta Yaponiyaga kelishi hisoblanadi. Qirolga 1500 kishi hamrohlik qilmoqda, jumladan 25 nafar shahzoda, shuningdek, vazirlar va biznesmenlar. Delegatsiya 10ta samolyot orqali uchgan, samolyotlarga ortilgan yuklarning umumiy hajmi 459 tonna.

Yaponiyadagi Mainichi gazetasining yozishicha, Tokioda delegatsiya uchun 500dan ortiq limuzin xizmat qilgan, Yaponiya poytaxtidagi eng yaxshi mehmonxonalarda 1000dan ortiq nomer oldindan band qilingan.

Xaneda aeroportida 81 yoshli monarxni Yaponiya taxti vorisi shahzoda Naruxito kutib olgan. Saudiyaliklar qiroli Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe hamda mamlakat imperatori Akixito bilan ham uchrashishni rejalashtirgan.

Yaponiya bosh vaziri bilan muzokaralarda o‘zaro hamkorlikda iqtisodiy zona tuzilishi haqida e'lon qilinishi, shuningdek, "Yaponiya va Saudiya Arabistoni. 2030 yilgacha istiqbol" iqtisodiy dasturi taqdimoti o‘tkazilishi kutilmoqda. Rejaga ko‘ra, Tokio Ar-Riyodga iqtisodning neftga bog‘liqligidan qutulishga yordam ko‘rsatadi. Xususan, Fors ko‘rfazidagi eng yirik monarxik davlat iqtisodiyotiga xususiy investitsiyalar jalb etish masalasida hamkorlik qilinadi.

Ma'lumot uchun, Saudiya Arabistonidagi eng yirik neft kompaniyasi bo‘lmish Saudi Aramco qisman xususiylashtirilishi nazarda tutilgan. Bu kompaniya neft zaxiralari hamda xomashyo qazib olish ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Uning qiymati 781 milliard dollarga baholangan.

Saudiya Arabistoni taxti vorisi va Mudofaa vaziri Muhammad ibn Salmon Tokioga o‘tgan yilning avgustidayoq tashrif buyurgan va Abe bilan iqtisodiy hamkorlik dasturi bo‘yicha ilk qadamni tashlagandi. Qayd etish kerakki, Yaponiya - Saudiya Arabistoni neftini eng ko‘p miqdorda xarid qiladigan davlatlardan biri hisoblanadi.

Mavzuga oid