Jahon | 07:30 / 17.03.2017
10292
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiya bilan nizo Turkiyaga "qimmatga tushishi" mumkin

Niderlandiya bilan nizo Anqaraga o‘ta foydasiz bo‘lib, u Turkiyaga investitsiya va sayyohlik sohasida katta ziyonlar keltirishi mumkin, deb aytdi Turkiyaning Yaqin Sharq texnika universiteti xalqaro aloqalar kafedrasi rahbari, Gumboldt nomidagi Berlin universitetining taklif qilingan professori, "Valday" xalqaro bahs klubi mutaxassisi Husayn Bagjiy.

"Niderlandiya bilan nizoga borish ham vaqt, ham siyosiy nuqtai nazardan noto‘g‘ri bo‘ldi. Niderlandiya Turkiyaning eng yirik investorlaridan biri hisoblanadi. Turkiyaga jalb qilinadigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning 16 foizi Niderlandiya ulushiga to‘g‘ri keladi. Niderlandiya bilan nizodan Turkiya nafaqat investitsiyalar, balki sayyohlar borasida ham iqtisodiy ziyon ko‘radi. Turkiya va Niderlandiya bir-biriga kerak", deb aytdi mutaxassis.  

Professorning aytishicha, "Turkiya prezidenti, siyosatchilarining Niderlandiya nomiga bildirgan tanqidlari qoralovchi va tahdid soluvchi xarakterga ega va gollandlar bu chaqiriqlarni qabul qildilar va taranglikning kuchayishidan xavfsiramayaptilar".

Bagjiyning ta'kidlashicha, "golland-turk munosabatlari Turkiya ichki siyosatiga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatdi".    

"Erdo‘g‘anning xatti-harakatini u 16 aprelda o‘tadigan konstitutsion referendumda ijobiy natija olishni kutayotgani bilan tushuntirish mumkin. O‘tgan haftada Erdo‘g‘an Turkiyadagi siyosiy tuzumni o‘zgartirish uchun zarur bo‘ladigan 50 foiz ovoz olishga uncha ham ko‘zi yetmayotgandi. Niderlandiya bilan mojaro unga 2-3 foiz ustunlik berdi, biroq bu ustunlik yaqin haftalarda mustahkamlanishi bizga qorong‘u", deb o‘z fikrlarini yakunladi mutaxassis.   

Mavzuga oid