O‘zbekiston | 22:22 / 17.03.2017
22653
3 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlar shikoyati asosida Andijondagi bozorcha taqdiriga oydinlik kiritildi

Andijon shahridagi dehqon bozorlaridan biri buzilishi oqibatida uning hududida savdo qiluvchi tadbirkorlar aziyat chekishi, shuningdek, aholiga noqulayliklar tug‘ilishi ehtimoli paydo bo‘ldi. Bu «Kun.uz» sayti tahririyatiga Andijon shahar 1-son MFYda istiqomat qiluvchi aholi vakillaridan kelib tushgan murojaatda bayon qilingandi.

Mazkur murojaatda shaharning 1- kichik dahasida faoliyat yuritayotgan «Yangi bozor» dehqon bozori  buzilayotgani, bundan bozorchada savdo qilayotgan tadbirkorlar aziyat chekishi hamda aholiga noqulaylik tug‘ilishi aytilgandi.

Murojaatdagi muammoli holatni o‘rganish maqsadida sayt muxbiri Andijon shahar hokimligi bilan bog‘landi. Shahar hokimligi qurilish bo‘limi  boshlig‘i Qodirjon Sharipov yuqoridagi  ariza bo‘yicha savollarga quyidagicha javob berdi: «Aholi tomonidan ko‘tarilgan muammo haqiqatda mavjud. Ma'lumki, Andijon shahrining yettita ko‘chasi – Mangulik, Toshkent, Lomonosov, Muqimiy, Lermontov, Mashrab hamda Furqat ko‘chalarida obodonlashtirish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad shahrimizni yanada ko‘rkam, obod ko‘rinishga keltirib, zamon talabidagi ko‘chalar, ma'muriy va maishiy binolar bunyod etishdan iborat. Shu munosabat bilan Furqat ko‘chasida joylashgan «Yangi bozor» dehqon bozori savdo shoxobchasi o‘rnida aholiga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy savdo majmuasi qurish rejalashtirilgan. Ayni paytda dehqon bozorini buzish ishlari boshlangani yo‘q.

Ushbu shoxobchada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan shahar hokimi, arxitektura va kadastr xizmatlari mas'ul xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, savdo shoxobchasidagi turg‘un savdo do‘konlari egalariga kompensatsiya  summalari berilishi hamda tadbirkorlar o‘z faoliyatini davom ettirishlari uchun «Jahon Savdo Kompleksi» AJ buyum bozori hududidan 6x6 metr. kv joy ajratib berilishi rejalashtirilgan.  Rastalarda sabzavot mahsulotlari bilan savdo qiluvchilarga 500 metr masofadagi «Malika» MChJga qarashli bozor va «Yangi bozor» hududidan joy ajratib beriladi».

Andijon shahri hokimining ma'lumot berishicha, hududda zamonaviy shaharsozlik me'yorlaridagi savdo majmuasi quriladi.

Sabzavot rastalari ko‘chirilishi rejalashtirilgan o‘rinlar

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid