O‘zbekiston | 16:32 / 18.03.2017
5908
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov hindistonlik hamkasbiga maktub yo‘lladi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sushma Svarajga maktub yo‘lladi. 

“Siz va butun hind xalqini muhim yubiley sana – O‘zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi bilan chin dildan tabriklashdan mamnunman”, - deyiladi maktubda.

Komilovning qayd etishicha, 25 yil davomida tomonlarning izchil sa'y-harakatlari natijasida o‘zaro hurmat, ishonch va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan uzoq muddatli va ko‘p qirrali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

“Joriy yilning 23-mart kuni Nyu-Dehli shahrida tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi ikki davlat hamkorligiga qo‘shimcha turtki berishiga hamda uzoq muddatli O‘zbekiston-Hindiston strategik sherikchiligining yangi yo‘nalishlarini belgilab olishga imkon berishiga qat'iy ishonch bildiraman”, - deyiladi maktubda.

Abdulaziz Komilov Sushma Svarajga mustahkam sog‘lik, baxt va davlat lavozimidagi faoliyatiga ulkan zafarlar tilagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid