Jahon | 12:21 / 18.03.2017
40158
6 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya qirolichasi olamdan o‘tsa nima bo‘ladi?

Bu dunyoda abadiy narsaning o‘zi yo‘q. Inson zoti ham bundan holi emas. U ham vaqti-soati kelganida, yosh-qariligiga qaramay hayotdan ko‘z yumadi. Aytish joizki, shunday holat insonlar, mamlakat fuqarolari taqdiriga bevosita mas'ul bo‘lgan davlat rahbarlari bilan yuz berishi ehtimoliga maxsus rejalar tuzib qo‘yiladi. Xususan, Britaniya hukumati ham bu xususda o‘z rejasiga ega. Ma'lum bo‘lishicha, unda qirolichaning vafot etishi ipidan-ignasigacha rejalashtirilgan. 

The Guardian nashrining e'lon qilishicha, mamlakat hukumati Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II vafot etishidan bir necha soat avval va keyin amalga oshiriladigan ishlarni to‘liq ishlab chiqqan. Bukingem saroyi ma'muriyati bu holatning barcha lahzalarini, jumladan qirolichaning yaqinlari bilan vidolashuvidan tortib, OAVlari bilan ishlash, dafn marosimini qog‘ozga tushirib qo‘ygan. 

Shu bilan birga, ta'kidlash joizki, The Guardian gazetasi maqolasini hech qanday tashvishli xabar bo‘lmasa-da, kutilmaganda e'lon qilgan. Yanvar oyidan beri OAVda 90dan oshgan qirolichaning sog‘lig‘i bilan bog‘liq tashvishli xabarlar paydo bo‘lgani yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim jurnalistlar Yelizaveta II vafot etgani xususida asossiz xabarlar tarqatdi, biroq saroy ma'muriyati ularni keskin rad etib keldi. 

Ko‘plab jurnalistlarning e'tirof etishlaricha, qirollik rahbarining vafoti va shu kabi holatlarni bevaqt muhokama qilish axloqsizlikdir. Ularning fikricha, Britaniya fuqarolarining o‘zlarini bunday tutishlari haqiqatni sir tutishga sabab bo‘ladi. The Guardian gazetasiga ko‘ra, Britaniyadagi ichki siyosiy keskinlik «qirollikni parchalab yuborish»ga yaqin turibdi. Monarxning o‘limi esa jamoatchilik uchun haqiqiy larza bo‘ladi. 

Yelizaveta II 1952 yil 6 fevralda 25 yoshida taxtga o‘tirgan. 2015 yili u dunyodagi eng keksa monarx deb tan olindi. Bukingem saroyi ma'muriyati uning hayotdan ko‘z yumish ehtimoliga nisbatan rejani ham ishlab chiqqan hamda uni hukumatga va BBC telekompaniyasiga bergan. Mamlakat milliy statistika xizmati Yelizaveta II yana 4 yil 3 oyga yaqin yashashini taxmin qilmoqda. 

Qirolicha Yelizaveta II. Getty

Shunday qilib, rejaga ko‘ra, qirolicha umrining so‘nggi lahzalarini shifokorlar va yaqinlari bilan o‘tkazadi. Hukumatning taxmin qilishicha, Yelizaveta II uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng vafot etadi. Shifokor qirolicha xonasiga kiruvchilarni nazorat qiladi hamda qirolichaga so‘nggi lahzalarigacha yordam beradi. Shu bilan birga, qirolicha do‘stlari bilan telefon orqali vidolasha olish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi. 

Qirolicha vafotidan so‘ng, zum o‘tmay shahzoda Charlz qirol bo‘ladi. Qirolicha o‘limidan so‘ng, Charlzning qo‘lini ukalari va singlisi o‘padi. Noxush xabarni tarqatish mas'uliyatiga qirolichaning shaxsiy kotibi javobgar bo‘ladi. U bosh vazir bilan bog‘lanadi, lozim bo‘lsa, mulozim uyg‘otiladi. 

Rejaga ko‘ra, qirollik xonadonining bosh vakili olamdan o‘tishi maxsus so‘z vositasida bildiriladi. Britaniya hukumati, so‘nggi marotaba bunday maxfiy so‘zni 1952 yilda Georg VI olamdan o‘tganda ishlatgan. O‘shanda «Gayd-park burchagi» deyilgan.

Yelizaveta II uchun maxsus «London ko‘prigi» birikmasi tanlangan. Shunday qilib, qirolicha matbuot kotibi maxfiy liniya orqali bosh vazirga qo‘ng‘iroq qilib, unga birgina jumlani aytadi: «London ko‘prigi quladi». So‘ngra, qirolichaning vafoti haqida 15 mamlakat hukumat vakillariga xabar beriladi. Qirolicha rasman 15 davlat boshlig‘i hisoblanadi. Bundan tashqari, Britaniya hamdo‘stligiga kiruvchi 36 mamlakat hukumatlariga ham ma'lum qilinadi. 

Yelizaveta ikkinchining o‘limi haqidagi xabar bir vaqtning o‘zida Britaniyaning Press Association axborot agentligi va boshqa jahon OAVga yuboriladi. OAV uchun xabar berishda Bukingem saroyidan motam libosini kiygan xizmatchi chiqib, xabarnomani darvozaga osib qo‘yadi. Saroy saytida qora fonda xotira matni yozilgan birgina sahifa qoladi.

Umuman olganda, OAV vositalari qirolichaning vafot etishiga ancha vaqtdan beri shay holatda. Xususan, BBC sovuq urush davrida tashkil etilgan favqulodda holatlar haqida ogohlantirish tizimini ishga tushiradi. Kompaniya jurnalistlari qayg‘uli damlarda to‘g‘ri so‘zlarni tanlash uchun bir necha marotaba mashg‘ulotlar ham o‘tkazgan. 

Britaniyaning ko‘plab nashrlari Yelizaveta II xotirasiga bag‘ishlangan filmlarni avvaldan tayyorlab qo‘ygan. Guardian jurnalistlarining aytishlaricha, nashr bosh muharriri ixtiyorida tarixiy sanalar ro‘yxatidan iborat to‘plam bor. The Times gazetasiga ko‘ra, qirolicha vafot etgudek bo‘lsa, tayyorlangan maqolalar 11 kunga yetadi. Sky News va ITN telekanallari, yillar davomida shunday vaziyatga tayyorgarlik ko‘rar ekan, qirollik oilasi bo‘yicha ekspertlar bilan eksklyuziv izohlar xususida shartnomalar ham imzolab qo‘ygan. 

Bundan tashqari, dafn marosimidan avval, ko‘psonli qabullar, paradlar va yurishlar tashkil etiladi. Qirolicha vafot etgan kuni parlamentning ikkala palatasi majlislarini to‘xtatadi, aksar britaniyaliklar ish kunini vaqtliroq tugatadi, samolyotlar uchuvchilari yo‘lovchilarga bu haqda e'lon qiladi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid