Jahon | 14:32 / 23.03.2017
7573
2 daqiqa o‘qiladi

Duterte Rossiya kemalarining Filippin portlariga kirishiga ruxsat berdi

Filippin prezidenti Rodrigo Duterte Rossiya va Xitoy kemalari uning mamlakati hududiy suvlariga kirib kelishi va bu yerdan vaqtinchalik turargoh sifatida foydalanishi mumkinligini ma'lum qildi. U ushbu davlatlar bu haqda Filippin harbiy-dengiz kuchlari va tashqi ishlar vazirligini avvaldan ogohlantirishi kerakligini ham eslatib o‘tdi, deb xabar bermoqda Bloomberg agentligi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u Xitoydan Janubi-Xitoy dengizidagi Skarboro (Xuan'yan) rifi hududida qurilish olib bormaslik haqida kafolatlar olgan, bu yer ikki davlat o‘rtasidagi bahsli hudud sanaladi. "Bizning do‘stligimiz hurmati ular buni bas qiladilar", - deya Filippin prezidentining so‘zlarini keltiradi agentlik.

Pekin bir necha o‘n yillar davomida Osiyo-Tinch okeani hududi davlatlari bilan Janubi-Xitoy dengizidagi bir qator orollar kimga tegishli ekani borasida bahs olib boradi. Gap Sisha arxipelagi (Parasel orollari), Nansha orollari (Spratli) va Xuan'yan (Skarboro rifi) haqida boradi. Bu bahsga u yoki bu darajada Vetnam, Bruney, Malayziya va Filippin aralashib qolgan. Eng katta bahslar orollarda Xitoy obektlarining qurilishi bilan bog‘liq.

2016 yilning iyulida Haagadagi xalqaro arbitraj qaroriga ko‘ra Xitoy Janubi-Xitoy dengizidagi bahsli orollarga “tarixiy huquqlari” yo‘q deb tan olindi. Pekin sud qarorini tan olmasligi hamda u yuridik kuchga ega emasligi haqida ma'lum qilgan.

Mavzuga oid