Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh elchisi Qashqadaryo viloyat sil kasalliklari dispanseriga tashrif buyurdi
2017 yil 24 mart kuni AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen Qarshi shahrida joylashgan Qashqadaryo viloyat sil kasalliklari dispanseriga tashrif buyurdi. Elchi xonimning tashrifi 24 mart - Butunjahon sil kasalligiga qarshi kurash kunini nishonlash maqsadida tashkil etildi.
Ushbu sanada har yili dunyo bo‘ylab sil kasalligining jamoat sog‘lig‘iga ta'siri, uning oldini olish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda sil kasalligi bilan bog‘liq bo‘lgan stigma va kamsitish kabi holatlarni kamaytirishga bag‘ishlab turli tadbirlar o‘tkaziladi.
Tashrif davomida Spratlen xonim dispanser shifokorlari, hamshiralari, Sil kasalligiga chalingan bemorlar maktabi hamda bemorlarni qo‘llab-quvvatlash guruhi xodimlari bilan uchrashdi. Elchi xonim, shuningdek, USAID tomonidan bemorlar va ularning yaqinlarini qo‘llab-quvvatlash borasida uyushtirilgan mashg‘ulotlarda malaka oshirgan jamoa yetakchilari bilan ham suhbatlashdi.

Yordam dasturlari orqali Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining sil kasalligiga barham berish strategiyasini amalga oshirish maqsadida AQSh O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda faoliyat olib bormoqda.
Tashkilotning ma'lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 10 milliondan ortiq odam sil kasalligidan aziyat chekadi. Sil kasalligining oldini olish imkoni hamda davosi bor bo‘lsa-da, har yili 2 millionga yaqin odam ushbu kasallik tufayli olamdan o‘tadi. Ushbu kasallikning oldini olish hamda davolash haqida aholi o‘rtasida yetarli ma'lumot yo‘qligi sil kasalligining tarqalib ketishini asosiy sababidan biriga aylanmoqda.

Butunjahon sil kasalligiga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan tashrif Qashqadaryo viloyat sil kasalliklari dispanseri bosh shifokori To‘lqin Ashurov tomonidan tashkil etildi. 3 million aholiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan ushbu dispanserga USAIDga qarashli silni nazorat qilish dasturi orqali texnik yordam topshirildi. 2015 yildan buyon bu dastur O‘zbekistonning to‘rt viloyatida sil kasalligi tarqalishini bartaraf etib kelmoqda.

