Jahon | 13:04 / 25.03.2017
6109
2 daqiqa o‘qiladi

Venesuela BMTdan yordam so‘ramoqda

Venesuela hukumati BMTdan mamlakatda kuzatilayotgan dori-darmon tanqisligida yordam ko‘rsatishni so‘ramoqda. Bu haqda respublika prezidenti Nikolas Maduro juma kuni BMTning Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlari uchun rivojlanish Dasturi mintaqaviy byurosi direktori Jyessika Fayyeta bilan uchrashuvdan so‘ng xabar berdi.

"Men BMTdan yordam so‘radim. Bu xalqimizga iqtisodiy urush va neft narxining keskin tushishi sabab keltirilgan iqtisodiy va ijtimoiy jarohatlarni davolashda ko‘mak beradi", - deya Maduroning so‘zlarini keltiradi Univision telekanali. Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, xalqaro tashkilot “farmatsevtika sanoati ishlab chiqarish quvvatlarini tiklash bo‘yicha dunyodagi eng to‘liq rejaga” ega. Murojaat haqida batafsil ma'lumot keltirilmagan.

2016 yilning aprelida Venesuela tibbiyot federatsiyasi rahbari Duglas Leon Natera mamlakat kasalxonalarida kerakli bo‘lgan dori-darmonlarning atigi 4-5 foizi qolgani, hamda shifokorlar og‘ir kasallikdan aziyat chekuvchilarga yordam berish imkonidan mahrum bo‘lishayotgani haqida xabar bergandi.

O‘tgan yilning may oyi oxirida esa Venesuela ruhim kasalliklar shifokorlari jamiyati rahbari Vadalberto Rodriges ruhiy xastaliklarni davolash uchun dorilar yetishmayotgani haqida ma'lum qildi. Keyinchalik hukumat dori-darmon tanqisligi haqidagi bayonotni rad etdi, biroq mamlakatda ularni taqsimlash bilan bog‘liq muammolar bor ekanini tan oldi.

Mavzuga oid