O‘zbekiston | 09:58 / 30.03.2017
14059
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tashkil etilmoqda

O‘zbekistonda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tashkil etilmoqda. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorga imzo chekdi.

Qarorga muvofiq tijorat banklari ishtirokida ta'sis etiladigan, o‘ziga ma'lum xo‘jalik zonalari biriktiriladigan, hududlarda pillachilik tarmog‘i korxonalari faoliyatini muvofiqlashtiradigan beshta mintaqaviy jamiyatdan iborat “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tashkil etilmoqda. 

Shu bilan bir qatorda hududiy va tuman “Agropilla” korxonalarini tashkil etish, ular zimmasiga sifatli ipak qurti urug‘ini pillachilik bilan shug‘ullanuvchi kasanachilar va tashkilotlarga tarqatish, ipak qurtini parvarishlash va pilla yetishtirish bo‘yicha konsultatsiya xizmatlari ko‘rsatish, pilla yetishtirish jarayonini monitoring qilish, pillani yig‘ish va tayyorlashni amalga oshirish kabi vazifalarni yuklash ko‘zda tutilmoqda. 

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatining asosiy vazifa va yo‘nalishlari sifatida tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlash uchun sug‘oriladigan yer maydonlarini taqdim etish bo‘yicha tegishli mahalliy davlat boshqaruvi va ijro hokimiyati organlari bilan samarali hamkorlikni ta'minlash, tut plantatsiyalari qoshida va tut oralarida ikkilamchi faoliyatni, jumladan, sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilikni yo‘lga qo‘yish hamda yetishtirilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorda sotish belgilangan. 

Qarorda sifatli ipak qurti urug‘i va pilla xomashyosi yetishtirish, unga birlamchi ishlov berish, ipak ishlab chiqarishning mavjud quvvatlarini modernizatsiya qilish orqali pillani chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish, pillachilik tarmog‘ini rivojlantirishga doir dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, tizimli yagona ilmiy-texnik, texnologik, investitsiyaviy va eksport siyosatini izchil amalga oshirish, sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan. 

2017-2021 yillarda pillachilik tarmog‘ini kompleks rivojlantirish bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida qarorga muvofiq pillaga birlamchi ishlov berish tizimini takomillashtirish, sifat menejmentining zamonaviy usullari, tayyor mahsulotning xaridorgir turlari va dizaynini keng joriy etish, uni xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlashtirish va standartlashtirish, oliy ta'lim muassasalarida pillachilik tarmog‘i uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun Ishchi guruh tuzildi. 

Jahon tajribasi ko‘rsatganidek, pilla yetishtirish o‘ziga xos faoliyat turi bo‘lib, unda muvaffaqiyatga erishish tarmoqda mehnat qilayotgan ishchilar tajribasi va moddiy manfaatdorligiga bog‘liq. 

Qarorda pillachilik sohasi korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, modernizatsiya qilish, ozuqa bazasini va pilla yetishtirishni ko‘paytirish, pillani qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish maqsadida 2023 yil 1 yanvargacha korxonalar yagona soliq, yagona ijtimoiy to‘lov va bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari)dan ozod qilinishi, kasanachilarning jismoniy shaxslarga hisoblanadigan daromad solig‘idan ozod qilinishi, shuningdek, pilla boquvchilar va kasanachilarning pilla mavsumidagi davrda bajargan ishlari ularga pensiya ta'minlashda bir yillik ish staji deb hisoblanishi alohida belgilab qo‘yilgan. 

Ushbu imtiyozlar bir tomondan pillachilik sohasi, ipak qurti urug‘i va pilla yetishtiruvchilar, ikkinchi tomondan pillani qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish sanoati uchun katta imkoniyat va qulayliklar yaratib beradi. Pilla yetishtirish bilan band aholining moddiy manfaatdorligi kuchayadi. 

Qarorda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi pillachilik tarmog‘ining barcha jihatlarini qamrab oladigan hamda uning jadal rivojlanishini ta'minlaydigan yaxlit boshqaruv tizimini yaratish imkonini beradi.

Ozuqa bazasining mustahkamlanishi va kengayishi, pilla yetishtirish majmualarining bevosita tutzorlar yaqinida barpo etilishi, 2 barobar ko‘p hosil beradigan, ozuqa qiymati yuqori va sovuqqa chidamli tut ko‘chatlarining olib kelinishi pilla yetishtirish hajmlarini 35 ming tonnaga (135 foizga) oshirish hamda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar, shu jumladan, shoyi gazlamalar va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladi. 

Yuqorida ko‘rsatilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida 2021 yilga borib umumiy yetishtirilgan pilla hajmida pillani qayta ishlash ulushi 50 foizgacha oshiriladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, mahsulot eksporti hisobidan valyuta mablag‘lari tushumi ortadi.

Mavzuga oid