Jahon | 16:40 / 31.03.2017
10903
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda Rossiya qurolli kuchlari bilan qo‘shma mashqlar yakunlandi

Tojikistondagi Harbmaydon poligonida 30 mart kuni Rossiya va Tojikiston qurolli kuchlari qo‘mondonlik-shtab mashqlari yakunlandi. Ular 27-30 mart kunlari Tojikiston janubidagi yettita poligonda bo‘lib o‘tdi.

So‘nggi bosqichda ikki davlat harbiy xizmatchilari noqonuniy qurollangan tuzilmalarni aniqlash, to‘sish va yo‘q qilish bo‘yicha o‘zaro harakatlar orqali ishlashdi.

Taktik mashqlarda BTR-80, BTR-82, BMP-2, T-72 tanklari, 2S1 «Gvozdika» 122-mm. o‘zi yuradigan artilleriya qurilmasi va BM-21 «Grad» reaktiv tizimlaridan foydalanildi.

Havodan qo‘shinlar birlashgan guruhini qo‘shma aviatsiya guruhi qo‘llab-quvvatlab turdi. Uning tarkibidan Su-24M bombardimonchilar, Su-25 hujumkor samolyotlari, Tu-22M3 uzoq masofali bombardimonchilari, Mi-8 va Mi-24 transport-jangovar vertolyotlari joy olgan.

Tojikiston HHK va Markaziy harbiy okrug josus-samolyotlari «jangarilar»ning harakatlanish yo‘nalishlari bo‘yicha ham ishlashgan.

«Harbmaydon» poligonidagi taktik mashqlarda 2 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar qatnashdi, 700ga yaqin harbiy va maxsus texnikadan foydalanildi.

Mavzuga oid