Jamiyat | 10:44 / 06.04.2017
17647
2 daqiqa o‘qiladi

Ryazanda dahshatli YTH: qurbonlar va jabrlanganlar bor

Rossiyaning Ryazan viloyatida yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Yuk mashinasining avtobus bilan to‘qnashib ketishi oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan, 30ga yaqin kishi shifoxonaga yetkazilgan. Baxtsiz hodisaga yuk mashinasi haydovchisining quvib o‘tishni amalga oshirayotgan vaqtda uxlab qolgani sabab bo‘lgan. IIVning mintaqaviy boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Aleksandr Ponomaryov RIA Novostiga shuni ma'lum qilgan.

Avtohalokat Mixaylov tumanidan o‘tuvchi M-6 "Kaspiy" federal yo‘lining 215-kilometrida ro‘y bergan. 

"Ob-havo sharoitlari fojiaga sabab bo‘la olmaydi. Yo‘l sharoitlari ham, chunki u yerdagi yo‘l qoplamasi ajoyib. Yo quvib o‘tishga chiqish yoxud uxlab qolishdan biri. Yuk mashinasining tormoz yo‘li ham yo‘q", — degan Ponomaryov.

Uning tasdiqlashicha, YTHda ikki kishi hayotdan ko‘z yumgan, yana 30ga yaqin kishi Mixaylov tuman shifoxonasiga keltirilgan. Haydovchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, avtobusda jami 35 nafar yo‘lovchi, ulardan 4 nafari yosh bola bo‘lgan. shifoxonaga yuk mashinasi haydovchisi, Tambov viloyati fuqarosi ham olib borilgan. Besh kishining ahvoli og‘irligi aytilmoqda.  

Halok bo‘lganlardan biri avtobusni boshqarayotgan haydovchi va yo‘lovchilardan biri ekani aytilmoqda. Ponomaryovning qo‘shimcha qilishicha, 61-mintaqa avtobusi yo‘lovchilarni Moskvadan Elistaga olib ketayotgan bo‘lgan.

Hozirda, politsiya voqeani o‘rganmoqda. 

Mavzuga oid