Jahon | 16:39 / 08.04.2017
12623
2 daqiqa o‘qiladi

MDH maxsus xizmatlari Peterburg teraktini surishtirishda yordam berishga tayyor

MDH mamlakatlari xavfsizlik xizmatlarining barcha rahbarlari istisnosiz tarzda Sankt-Peterburgdagi qo‘poruvchilik bo‘yicha olib borilayotgan tergov ishlarida yordam berishni taklif qilgan. Bu haqda Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin "Rossiya 1" telekanalining "Vesti v subbotu" ko‘rsatuvida bayonot berdi

"Uchrashuvda qatnashgan maxsus xizmatlar rahbarlarining barchasi razillarcha va qo‘rqoqlarcha amalga oshirilgan qabih jinoyat tashkilotchilarini fosh etishda yordam berishga tayyorliklarini bildirishdi. Ular mazkur jinoyatga aloqador shaxslarni qidirib topishda ko‘mak berishni taklif qilishdi", - degan Narishkin. 

Uning qayd etishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolariga viza tartibini joriy qilish terrorizmga qarshi kurashda ijobiy natija bermasligi mumkin. 

"Maxsus xizmatlarning tayyorlanayotgan teraktlarni dastlabki bosqichlarida aniqlash bo‘yicha har daqiqa, har soat tinimsiz va sinchkovlik bilan olib boriladigan ish samara beradi", - degan Rossiya Tashq razvedka xizmati rahbari. 

Eslatib o‘tamiz, 3 aprelda Sankt-Peterburg metrosining "Texnologicheskiy institut" va "Sennaya plochshad" bekatlari oralig‘ida portlash ro‘y berdi. RF tergov qo‘mitasi hodisani terakt deb baholadi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, 13 kishi halok bo‘lgan, 50dan ortiq kishi yaralangan. 

4 aprel kuni Moskvada MDHga a'zo davlatlar xavfsizlik va razvedka xizmatlari rahbarlarining XIV kengashi bo‘lib o‘tdi. 

Mavzuga oid