Jamiyat | 19:05 / 13.04.2017
27917
3 daqiqa o‘qiladi

Diqqat: telefon sotib oluvchi firibgarlar qidirilmoqda

Toshkent IIBB tomonidan Toshkent shahrida firibgarlik yo‘li bilan kishilarning pulini o‘zlashtirayotgan bir guruh jinoyatchilar qo‘lga olindi. Ma'lum bo‘lishicha, ular Olx.uz saytida Iphone 7 telefoni sotilayotganiga doir e'lon berganlardan biriga murojaat qilib, undan 12 mln so‘mlik ikkita telefonni xarid qiladi. Jinoyatchilar smartfonlar egasiga 24 to‘plam 5 ming so‘mlik pul berishadi. Telefon egasi 6 aprel kuni pullarni sanab ko‘rganida, bog‘lamlar orasiga ustamonlik bilan 200 so‘mlik kupyuralar joylashtirilgani va jami 1 mln 484 ming so‘mdan ortiqroq pul kamligini aniqlaydi. 

U shahar ichki ishlar idoralariga murojaat qilgach, respublika Jinoyat kodeksi 168-moddasi “b” bandi, ya'ni bir guruh shaxslar tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zgalar mulkini qo‘lga kiritish alomatlari bo‘yicha tergov harakatlari olib borildi. Tezkor tergov-qidiruv ishlari natijasida Atabek Ermatov, muqaddam talonchilik jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan Bobur Maqsudov va ularning jinoiy sheriklari Abror Hasanov va Begzod Ergashevlar gumon qilingan. 

Ayni vaqtda Ermatov va Hasanovlarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda Ergashev va Maqsudovlarni ushlash choralari ko‘rilmoqda. Ermatov va Hasanov bilan olib borilgan tergov ishlari davomida ushbu guruh 2017 yil mart oyidan boshlab Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Shayxontohur, Yunusobod tumanlarida ham yuqoridagi sayt orqali Iphone 7 smartfonlarini sotilishi haqidagi e'lonlar bo‘yicha mijozlarni chuv tushirib kelganligi aniqlangan. 

Bu jinoyatni sodir etilishi sababi sifatida Ermatov, Hasanov va Ergashevlar Qozog‘iston respublikasidagi kazinoda yirik miqdorda pulni yutqazib qo‘yganligi, bu mablag‘larning o‘rnini to‘ldirish maqsadida shunday jinoiy ishga qo‘l urganliklarini ma'lum qilgan. 

Shu munosabat bilan, Toshkent shahar IIBB quyida qidirilayotgan shaxslardan jabr ko‘rgan fuqarolar bo‘lsa, 102 qisqa raqami yoki yaqin oradagi militsiya punktlariga murojaat qilishlarini so‘rab qoladi. 

Mavzuga oid