O‘zbekiston | 18:35 / 15.04.2017
21027
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: oilaning maishiy texnika bilan ta'minlangani uning turmush darajasining ko‘zgusidir

Prezidentimizga Samarqand shahrining Dahbed ko‘chasidan Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasiga olib boruvchi Nurafshon ko‘chasini obodonlashtirish loyihasi haqida ma'lumot berildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi

Nurafshon ko‘chasida olib boriladigan bunyodkorlik ishlari natijasida atrofdagi eski va bugungi kun talablariga javob bermaydigan inshootlar shaharsozlik talablari asosida ta'mirlanib, ijtimoiy obektlar quriladi. 

Davlatimiz rahbari shahardagi Jomiy ko‘chasidagi Yoshlar markazini rekonstruksiya qilish, hayvonot bog‘i qurish loyihalarini ko‘zdan kechirar ekan, bu boradagi ishlarni aholining fikri va talablari asosida amalga oshirish, milliy me'morlik va zamonaviy arxitektura an'analarini hisobga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Samarqand shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 2017-2018 yillarda sanoat sohasida 125 investitsion loyiha amalga oshiriladi. 

Oziq-ovqat va yengil sanoat, charm-poyabzal, farmatsevtika, mebel va qog‘ozni qayta ishlash, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, neft-kimyo va boshqa sohalarda ko‘zda tutilayotgan loyihalar viloyatni izchil rivojlantirishga, aholining hayot sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan. Mazkur loyihalarning hayotga tatbiq etilishi 6 ming 300 dan ortiq kishining ishli bo‘lishiga xizmat qiladi. 

Viloyatda “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 163 loyiha amalga oshirilmoqda. 

Nurobod tumanida “Navoiy metalmash” va Xitoyning “Gezhouba Group sement Co.LTD” korxonalari hamkorligida sement ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Yiliga 2 million tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega ushbu korxonada 530 yangi ish o‘rni yaratiladi. 

Pastdarg‘om tumanida quriladigan “Samarqand Afrosiyob sement” korxonasi ishga tushgach, 300 kishi ish bilan ta'minlanadi. Korxonani 2018 yilda ishga tushirish mo‘ljallangan. 

Shavkat Mirziyoyev “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududida maishiy texnikalar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni ko‘zdan kechirdi. 

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq hududda qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. 

“O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik jamiyati va “Ideal Elektro Lyuks” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Turkiyaning “Odul” kompaniyasi bilan hamkorlikda gaz plitalar, elektr duxovka, kir yuvish mashinalari ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati 7 million dollarni tashkil etadi. Tovarlarning ma'lum qismi eksport qilinadi. 

“Coven Elektro” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy changyutgichlar ishlab chiqariladi. Korxonada yiliga 30 ming dona mahsulot tayyorlanadi. 

Prezidentimiz mazkur loyihalar bilan tanishar ekan, aholining maishiy texnikalar bilan ta'minlangani uning turmush darajasining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri ekanini ta'kidladi. Mahsulotlarni dunyo bozoriga olib chiqish, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendini yanada kengroq ommalashtirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi. 

Milliy bank tomonidan farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi. “Optima Sobirjon”, “Perfect Pharma Group” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari va “Samarkand England eko medical” qo‘shma korxonasida 200 dan ortiq ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan. 

Shu yerda viloyatda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish, sportni yanada ommalashtirish borasidagi loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi. 

Mavzuga oid