Jamiyat | 19:11 / 21.04.2017
7702
4 daqiqa o‘qiladi

Urgutda 5,5 ming yangi ish o‘rni tashkil etiladi

“Urgut” erkin iqtisodiy zonaning barpo etilishi mintaqa iqtisodiyotini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu iqtisodiy zona hududdagi boy xomashyo va mehnat resurslaridan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, aholi bandligi va farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Prezidentimizning joriy yil 12 yanvardagi “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni esa mazkur sohada olib boriladigan ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasida O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi tomonidan, mazkur Farmonda belgilab berilgan vazifalar ijrosi hamda joriy yilning 14-15 aprel kuni muhtaram Prezidentimizning Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalari va ko‘rsatmalari tadbirkor va ishbilarmon doira vakillari, yoshlar va keng jamoatchilik hamda deputatlar ishtirokida tashkil etilgan amaliy muloqotda atroflicha o‘rganildi va tahlil etildi. Bu haqda O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi Matbuot xizmati rahbari Bektosh Shodiyev Kun.uz’ga xabar bermoqda. 

E'tirof etilganidek, Farmonga muvofiq shu kunga qadar “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining Urgut tumanida "Urgut-1", Nurobod tumanida "Urgut-2" va Pastdarg‘om tumanida "Urgut-3" hududlari tashkil etildi. Ushbu hududlar uchun jami 816 gektar yer ajratilib, ularni zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta'minlash ishlari boshlab yuborilgan. Bugungi kunda yengil sanoat, maishiy texnika, tibbiyot jihozlari, farmatsevtika, charm-poyabzal, kantselyariya mollari, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda xorijiy va mahalliy investorlar bilan 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan 83 loyiha tayyorlangan, ularning 20 tasi joriy yilning o‘zida ishga tushiriladi.

Umumiy qiymati 250 mln. AQSh dollarni tashkil etuvchi ushbu loyihalar tijorat banklari krediti va ta'sischilarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Natijada 5,5 ming yangi ish o‘rni tashkil etiladi.

– Joriy yilning ikkinchi choragida yiliga 15 ming tonna 100 foiz import o‘rnini bosuvchi eksportga yo‘naltirilgan poleuretan mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi “DERKIM POLIURETAN URGUT” O‘zbekiston–Turkiya qo‘shma korxonasini ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda, – deydi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi deriktor o‘rinbosari G‘ayrat Abduraxmatov. – Loyiha qiymati 6 mlrd. 250 mln. AQSh dollarini tashkil etadi. Ushbu yangi korxona ishga tushirilishi bilan 65 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ayni paytda mazkur hududda 40 sanoat korxonasi, jumladan, 19 qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 1 ming 200 ga yaqin kishi ish bilan ta'minlangan. O‘tgan yili qiymati 157,5 mlrd. so‘mlik 20 turdan ziyod sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi, eksport hajmi 10 mln. AQSh dollaridan oshdi. Xususan, bu yerda mahalliy xomashyodan gilam va gilam mahsulotlari, sintetik tola, elektr duxovkalar, gaz plitalari, bir marta ishlatiladigan plastik idishlar, polimer yelim va boshqa mahsulotlar tayyorlanmoqda.

Tadbir ishtirokchilari “Urgut” erkin iqtisodiy zonada faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar faoliyati, ishlab chiqariladigan mahsulot turlari bilan yaqindan tanishishdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid