Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 27 aprel kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar qilmoqda.
Mustaqillik yillarida viloyat har tomonlama rivojlandi, uning shahar va qishloqlari obod bo‘lib, aholining turmush farovonligi oshdi. Hududda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida qurilish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, ijtimoiy sohalarni rivojlantirishda salmoqli natijalarga erishilmoqda.
2016 yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulotning o‘sish sur'ati 9,6 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 17,8 foizga, qishloq xo‘jaligi yalpi mahsuloti 6,3, qurilish ishlari 11,8, chakana tovar aylanishi 15,2 foizga o‘sdi.
O‘tgan yili sanoat sohasini rivojlantirishga doir 304, qishloq xo‘jaligida 696 loyiha amalga oshirildi.
Tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqiy manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar samarasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 2016 yilda 80,3 foizni tashkil etdi.
Hududiy tasarrufdagi korxonalar tomonidan 38 million dollarlik mahsulotlar va xizmatlar eksporti amalga oshirildi.
“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi viloyat sanoatini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. 2016 yilda bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar tomonidan 163 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Birinchi Prezidentimizning 2013 yil 18 martdagi "Jizzax" maxsus industrial zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni asosida barpo etilgan ushbu maxsus hududda o‘tgan yillarda 20 (Jizzaxda 15 ta, Sirdaryoda 5 ta) korxona ishga tushirildi.
Zamonaviy texnologiyalar bilan ta'minlangan korxonalarda 1000 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Ish o‘rinlarining 60 foizini oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari band etdi.
Hozir erkin iqtisodiy hududda yuk va yengil avtomobillar uchun tormoz kolodkalari, televizor, konditsioner, muzlatkich, kir yuvish mashinasi, mikroto‘lqinli pech, svetodiodli chiroqlar, polipropilen iplar, video va IP telefonlar, telekommunikatsiya uskunalari, internet tezligini oshiruvchi butlovchi qismlar kabi turli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida viloyatda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini izchil davom ettirish, viloyatni har tomonlama rivojlantirish, aholi manfaatlarini ta'minlash bo‘yicha katta reja va maqsadlarni bayon etgan edi. Prezidentimizning Jizzaxga tashrifi davomida ana shu rejalar ijrosi, amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqbolli loyihalar bilan tanishish ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid
09:00
1,1 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan sex aniqlandi
09:25 / 06.11.2024
Jizzaxda qariyb 800 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan fuqaro aniqlandi
08:30 / 28.10.2024
Jizzaxda ikkita yuk mashinasi to‘qnashdi
22:09 / 14.10.2024