Jahon | 20:06 / 29.04.2017
7975
2 daqiqa o‘qiladi

Le Pen bosh vazir lavozimiga nomzodni tanladi

Foto: Charles Platiau / Reuters

Fransiyaning "Milliy front" partiyasi va "Uyg‘on, Fransiya" harakati saylovoldi ittifoqini shakllantirishga qaror qildi. Bu haqda ularning yetakchilari Marin Le Pen va Nikolya Dyupon-Enyan 29 aprelda o‘tgan matbuot-anjumanda ma'lum qilishdi.  

"Biz katta respublikancha va vatanparvarlik alyansini tuzmoqdamiz. Biz o‘zimizning hukumat dasturimizni birgalikda himoya qilamiz", deb ma'lum qildi Fransiya prezidenti lavozimiga nomzod Le Pen.

Le Penning aytishicha, agar u prezident bo‘lsa, Dyupon-Enyanni bosh vazir etib tayinlaydi.  

O‘z navbatida Dyupon-Enyan keyingi 5 yil davomida mamlakatning avvalgi yo‘nalish bo‘yicha ketmasligi uchun fransuzlarga saylovlarning 2-bosqichida kimga ovoz berishni yaxshilab o‘ylab ko‘rishlarini tavsiya qildi. "Koalitsiya tuzishimizda biz uchun Fransiya manfaatlari o‘z manfaatlarimizdan muhimroqdir", deb aytdi Dyupon-Enyan.

Saylovlarning 23 aprelda o‘tgan 1-bosqichida Dyupon-Enyan nomzodini 4,7 foiz saylovchilar, Le Pen nomzodini esa 21,3 foiz saylovchilar qo‘llab-quvvatlashgandi. 

7 maydagi saylovlarda Marin Le Pen va Emmanuel Makron uchrashadilar.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid