Fransiya prezidentligiga oxirgi ikki saylovda Makronning asosiy raqibi bo‘lgan o‘ta o‘ngchilar yetakchisi Marin Le Pen qamoq jazosiga hukm qilindi. U Yevroparlament pullarini o‘zlashtirib kelganlikda ayblandi va hokimiyat organlariga saylanish huquqidan mahrum bo‘ldi. Siyosatchi endi 2027 yilgi prezident saylovida nomzod bo‘lolmaydi, u paytda qamoqda bo‘ladi.

4 yillik qamoq jazosining 2 yili shartli, yana 2 yili esa uy qamog‘i. Reuters xabariga ko‘ra, apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasa, muxolifat yetakchisi 5 yil davomida davlat lavozimlariga saylana olmaydi.

Albatta, Fransiya sudi chiqargan bu qaror “Milliy birlashuv” partiyasi yetakchisi Le Pen uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Chunki u uzoq vaqtdan beri Yevropadagi o‘ta o‘ng kuchlarning eng taniqli namoyandasi edi. 2027 yilgi saylovlarda esa uning g‘alabasi deyarli aniq edi. Chunki amaldagi prezident Makron 2 muddat ketma-ket saylangani bois keyingi saylovda nomzod bo‘lolmaydi. Jamoatchilik fikri so‘rovlarida ham Le Pen peshqadamlik qilayotgandi. Yuqoridagi jazolardan tashqari, Le Pen 100 ming yevro jarima ham to‘laydigan bo‘ldi. Prokuratura talablari deyarli to‘liq qondirilgan.

56 yoshli Le Pen apellyatsiya berishi e’lon qilindi va uning apellyatsiyalari tugaguniga qadar qamoq jazosi ham, jarima ham qo‘llanmaydi. Ammo lavozimga saylanishni besh yilga taqiqlash chorasi darhol boshlanadi.

Le Penning partiyasi rasmiy rahbari, uning o‘ng qo‘li 29 yoshli Jordan Bardella vaziyatga o‘z munosabatini yozib qoldirgan.

“Bugun nafaqat Marin Le Pen nohaq hukm qilindi, balki Fransiya demokratiyasi ham o‘ldirildi”, deydi u. Keyingi prezidentlik saylovida endi partiya Bardellaning o‘zini nomzod sifatida ko‘rsatishi mumkin.

Le Pen bugungacha uch marta – 2012, 2017 va 2022 yillarda prezidentlikka nomzodini qo‘ygan va 2027 yilda u oxirgi marta nomzod bo‘lishini aytgandi. Endi Le Pen saylov oldidan apellyatsiya tartibida hukm bekor etilishidan umid qilmoqda. Lekin saylovda u baribir nomzod bo‘lolmaydi, chunki 5 yillik hokimiyat organlariga saylanish taqiqi bilan u saylovni o‘tkazib yuboradi.

Ma’lum bo‘lishicha, pullarni o‘zlashtirish ishida yana sakkiz nafar yevroparlament deputatlari va 12 nafar parlament yordamchilari aybdor deb topildi. Sudlanuvchilar pul qonuniy asosda ishlatilganini ta’kidlamoqda.

Le Pen besh yilga hukm qilinganiga qaramay, siyosatdan chekingisi yo‘q, deb yozadi mashhur fransuz nashri Le Figaro. Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Bardella avvalboshidan Le Penning siyosiy vorisi bo‘lishga tayyorlangan. 29 yoshli siyosatchi muxolifatning "B" rejasi, shunday vaziyatlarda u maydonga chiqishi aniq edi.