Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mutaxassis: Rossiyada migrantlarga nisbatan munosabat yomonlashmoqda
Rossiyadagi nodavlat tadqiqot tashkiloti bo‘lmish «Levada-sentr» analitik markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov yakunlariga ko‘ra, so‘nggi 10 yil ichida rossiyaliklarning mehnat migrantlariga nisbatan munosabati yomonlashgan.
So‘rovda ishtirok etganlarning 32 foizi migrantlarni bilimi kam, faqat malakasiz ishlarni bajara olishga qodir insonlar, deb hisoblaydi. 10 yil muqaddam bunday hisoblovchilar 28 foizni tashkil etgan. Boz ustiga, migrantlarni ko‘p ishlashdan toymaydigan mehnatsevar insonlar (30 foizdan 26 ga), o‘z oilalari haqida qayg‘uruvchi boquvchilar (38 foizdan 25 ga), deb hisoblovchilar soni ham kamaygan.
Rossiyaliklarning 67 foizi hukumat xorijliklarning kelishiga to‘siq qo‘yishi kerak, deb hisoblaydi. Bu ko‘rsatkich 2013 yil oktabrida (78 foiz) va 2016 yil martida (80 foiz) maksimum darajaga ko‘tarilgan edi. Ma'lum bir mamlakatlardan keladigan migrantlarga nisbatan munosabatlarda ham o‘zgarishlar mavjud: masalan, Ukrainadan keluvchi migrantlarga yomon munosabatdagilar soni 9 dan 19 foizga ko‘tarilgan, Belarusdan — 8 dan 13 ga, Markaziy Osiyo respublikalaridan borganlarga esa yomon munosabat 31 dan 38 foizgacha ko‘tarilgan, biroq Kavkazorti respublikalaridan kelgan muhojirlarga munosabat biroz yaxshilangan.
Har ikki rossiyalikdan birida mehnat migrantlarining har qanday toifasiga nisbatan toqatsiz munosabat mavjud, qolgan yarmi ularga nisbatan bag‘rikengroq, deydi «Levada-sentr» xodimi Karina Pipiya.
Rossiyaliklar, ayniqsa, Shimoliy Kavkaz va Markaziy Osiyodan borganlarga yomonroq munosabatda, so‘nggi 10 yilda ukrainalik mehnat migrantlarini yoqtirmaslik darajasi ham ortgan. Bu holatda migrantlarga munosabat rossiyaliklarning ular kelib chiqqan davlatga nisbatan munosabati bilan korellyatsiya qilinadi, ya'ni «migrantofobiya» siyosiy omillar bilan ham bog‘liq. Sotsiologning fikricha, «Ukrainaga nisbatan salbiy munosabat shakllantirilsa — o‘sha yerdan kelgan migrantlarni yoqtirmaslik kuchayadi, masalan, Gurjistonga nisbatan yaxshi munosabatdagilar soni ortsa — Kavkazortidan kelayotgan migrantlarga nisbatan bag‘rikenglik darajasi ortadi».
Migratsion qartadan butun dunyoda siyosiy o‘yin sifatida foydalanishadi, Rossiya ham bundan mustasno emas, biroq boshqalarga nisbatan bu ustunlikdan kamroq foydalanadi, deb hisoblaydi «XXI asr migratsiyasi» fondi prezidenti Vyacheslav Postavnin.
«Migrantlarga nisbatan munosabatlarda tebranish 90-yillar boshidan buyon kuzatilmoqda, u har bir joyda bor, aholining katta qismi siyosatchilar va OAV nima deyayotganiga qarab o‘z fikrini shakllantiradi», deydi u. So‘nggi vaqtlarda Moskva, Moskva ostonasi, Sankt-Peterburg va Leningrad oblastida Rossiyadagi jami migrantlarning 60 foizi to‘planganligi fakti muammo bo‘layotligi haqida ekspert shunday degan: «Biz migratsiyani nazorat ostiga ololmayotganimiz muammo bo‘lmoqda. Tobora Moskva va Sankt-Peterburgda ishchi o‘rinlari uchun raqobatlar ortib boradi, bu holda boshqa hududlarda ishchi kuchi yetishmasligi kuzatilmoqda».
Siyosatchi Aleksey Makarkin migratsiya muammosi ikki holatda yuzaga kelishini ta'kidlab o‘tgan. Birinchisi — saylovlar vaqtida. Masalan, 2013 yilgi Moskva merligiga saylovlar vaqtida birorta migrantlarga yon bosuvchi nomzod bo‘lmagan, deb eslaydi ekspert: «Rossiyada migrantlarni yoqlovchi birorta partiya yo‘q. Yevropada migrantlarga qarshi to‘lqinlar yuzaga kelganda, albatta, migrantlarni integratsiya qilishni yoqlab chiquvchi siyosiy kuch topiladi. Bizda esa biror lavozimga saylanishni istaydigan nomzod hech qachon bunday masalani ko‘tarmaydi».
Bu rus jamiyatining konservativligi bilan tushuntiriladi, bu holatda liberallar — g‘arbcha qarashdagi konservatorlar, rossiyalik konservatorlar esa — g‘arbchasiga olinganda ultrao‘nglar hisoblanadi, deb tushuntiradi Makarkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada migrantlarni yoqlab ovoz berish umuman yo‘q, migrantlarning o‘zi esa, masalan, Fransiyadagiga ters o‘laroq, saylov jarayonlariga biror ta'sir o‘tkazish qudratiga ega emas.
Bu mavzu ko‘tariladigan ikkinchi vaziyat — biror migrant tomonidan rezonansli jinoyat sodir etilgan hol, deya davom etadi Makarkin: «Ekspertlar xuddi shunday jinoyatlarni mahalliy aholi vakili tomonidan sodir etilgan holatlarni ham eslashadi, biroq gap hissiyotlar haqida ketganda ekspertiza haqida hech kim o‘ylab ham ko‘rmaydi. Bu holatda hokimiyat yo migratsion qoidalarni o‘zgartiradi yoki muayyan muammoni yechadi, yoki ultrao‘nglarni o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatib, ularning faoliyatini maksimal darajada chegaralaydi. Bu qoidalarning barchasi adashmasdan ishlab kelmoqda».
Mavzuga oid
16:23 / 11.06.2026
Armaniston hukumati geosiyosiy kursini o‘zgartirish uchun xalqdan mandat oldi - siyosatshunoslar
14:20 / 11.06.2026
Rossiyadan ketgan fuqarolarning mol-mulki xatlanishi mumkin
18:53 / 10.06.2026
Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini oshirishga tayyorligini ma’lum qildi
09:15 / 10.06.2026