Jamiyat | 12:11 / 29.04.2017
8863
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada migrantlarni deportatsiyadan asrab qoluvchi qonun loyihasi tayyorlanmoqda

Foto: RIA "Novosti"

Rossiya ichki ishlar vazirligi mamlakatda migratsion siyosatni yumshatuvchi va davlatga noqonuniy mehnat muhojirlarini deportatsiya qilishda mablag‘larni iqtisod qiluvchi qonun loyihasini tayyorlamoqda: arzimas tartibbuzarliklar uchun migrantlar o‘z xohishlari bilan yurtiga chipta sotib olishi va politsiya nazorati ostida o‘z ixtiyori bilan Rossiyani tark etishlari mumkin, deb xabar beradi «Izvestiya» gazetasi inson huquqlari kengashining migratsion siyosat bo‘yicha komissiyasining raisi Yevgeniy Bobrovning so‘zlarini keltirib.

«Agar tartibbuzar poyezdda ketadigan bo‘lsa, politsiyachilar uni vagongacha kuzatib borishadi. Xorijlik chegaradan chiqib ketgach, bu haqidagi ma'lumotlar IIV migratsion organlariga kelib tushadi. Aviaparvoz bilan ish yanada oson ko‘chadi — politsiyachilar uni aeroportning pasport nazoratidan o‘tkazib qo‘yishsa bas", — deb yozadi gazeta Bobrovning so‘zlariga tayangan holda.

Huquq himoyachisining so‘zlariga ko‘ra, bu chora deportatsiyadan afzalroq: migrantlar xorijliklarni vaqtincha saqlash maxsus muassasida kutib o‘tirmaydi. U yerda esa «tartib qoidalar xuddi qamoqxonadagidek, odamlar mamlakatdan chiqarib yuborilishini haftalab kutishadi». Bundan tashqari, yangi qoidalar loyihasiga ko‘ra, Rossiyaga kirib kelishga taqiq ham qisqartiriladi. Bobrovning fikricha, davlat bundan ham yutadi, chunki migrantlarni chiqarib yuborish uchun qo‘shimcha mablag‘lar sarflanmaydi.

«Bu migratsion siyosatni insoniylashtirish uchun umumiy yo‘nalish hisoblanadi. Agar ular majburan chiqarib yuboriladigan bo‘lsa, davlat ularning har biri uchun o‘rtacha 40 ming rubl sarflaydi. Ancha yumshoq choralar bilan ham cheklanish mumkin. Ularni vaqtincha saqlash muassasalarida ushlab turishdan naf yo‘q, u yerda bekor o‘tirib, davlat ularni boqqanidan ko‘ra, yaxshisi ular ishlashsin va byudjyetga jarimalar to‘lashsin. Chunki ularning u yerda ishlashga haqi yo‘q», — deya Bobrovning so‘zlarini keltiradi gazeta.

Shu bilan birga, huquq himoyachisining so‘zlariga ko‘ra, migratsion siyosatni insoniylashtirish, birinchi navbatda, iqtisodni nazarda tutib amalga oshirilmoqda, biroq boshqa bir holat ham e'tibordan chetda qolmagan — o‘tgan yili Federal migratsion xizmat tugatilib, uning vazifalari IIVga olib berilgan edi.

«Federal migratsion xizmat uchun xorijiy fuqarolarni mamlakatdan chiqarib yuborish uchun byudjyetda ajratilgan mablag‘lar uning vakolatlari politsiyaga olib berilganidan so‘ng IIV byudjyetiga o‘tkazilmagan. O‘tgan yilning oxirida IIV bu borada 2017 yilning byudjyeti uchun ko‘zda tutilgan mablag‘larni sarflashga ham majbur bo‘lgan. O‘tgan yili IIV va sudlar faqat ko‘p marta va og‘ir tartibbuzarlik qilganlarnigina mamlakatdan chiqarib yuborish haqidagi takliflarimizga quloq tutishgan edi. Ular haqiqatan ham tartibni saqlashga xalaqit qilayotganlar va bu yerda bo‘lishi durust deb topilmaydigan insonlarnigina mamlakatdan chiqarib yuborish kerakligi haqidagi takliflarimizga quloq tutishdi, qolganlarga esa boshqacha, yengilroq choralar qo‘llaniladi», — dedi Bobrov.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid