Jamiyat | 22:11 / 01.05.2017
11653
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zMU tomonidan qator fanlar bo‘yicha olimpiada o‘tkazilmoqda

Foto: geoinformatics.uz

Har bir o‘quvchining iqtidori, fanlarga, kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishlarini o‘rganish eng dolzarb masalalardan biridir. Shu bois O‘zbekiston umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ta'lim olayotgan iqtidorli o‘g‘il-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston Respublikasi iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi hamkorlikda qator viloyatlar kesimida shu yil aprel-may oylari davomida matematika, fizika, biologiya va kimyo fanlaridan universitet olimpiadalari o‘tkazilmoqda. Bu haqda O‘zMU gazetasi muxbiri Ulug‘bek Usmonov Kun.uz’ga xabar bermoqda.

Shu yil 8 aprel kuni Samarqand davlat universitetida boshlangan mazkur olimpiadada Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlari, 15 aprel kuni Qarshi davlat universitetida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari, 22 aprel kuni Qo‘qon davlat pedagogika institutida Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyatlari umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari ishtirok etishdi.

29 aprel kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida yuksak saviyada o‘tkazilgan olimpiadada Toshkent shahri, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari ishtirok etishdi. 

– Shu asnoda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekistondagi umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik keng yo‘lga qo‘yiladi, – deydi O‘zMU prorektori Davlatboy Jumaboyev. – Universitet olimpiadalarida umumta'lim maktablaridan ishtirok etgan o‘quvchilardan hududlar bo‘yicha 1-, 2-, 3-o‘rinlarga sazovor bo‘lgan iste'dodli o‘quvchilar O‘zMU qoshidagi Sag‘di Sirojiddinov nomidagi akademik litseyga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilinadilar. Shuningdek, akademik litsey va kasb-hunar kollejlaridan hududlar bo‘yicha 1-, 2-, 3-o‘rinlarga munosib ko‘rilganlar O‘zbekiston Respublikasi iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi tomonidan maxsus sovg‘alar bilan taqdirlanadilar. Mazkur olimpiada g‘oliblari O‘zMU tomonidan tashkil etiladigan yozgi maktab o‘quv-seminarlariga taklif etiladilar.

Universitet olimpiadasi 6 may kuni Urganch davlat universitetida davom ettirilishi rejalashtirilgan. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari ishtirok etadilar. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid