Jamiyat | 18:04 / 02.05.2017
13839
5 daqiqa o‘qiladi

Tamagir “ishonch telefoni” orqali fosh etildi

Farzand dunyoga kelgach, onaning vazifasi unga g‘amxo‘rlik qilishdir. Bola to bog‘cha yoshiga yetguncha ayol boshqa ish qilishdan cheklanishi tabiiy. Bunday paytda oiladagi sharoitga qarab ona mahalla fuqarolar yig‘inidan bola parvarishi uchun yordam puli olishi mumkinligi qonunchilikda belgilangan, deb yozmoqda O‘zA.

Lekin bu imtiyozdan foydalanishda ayollar ba'zan ayrim muammolarga duch kelmoqda. Tayloq tumanida yashovchi fuqaro L.Oqilovadan mahalla fuqarolar yig‘ini faollaridan biri ikki yoshgacha bo‘lgan farzandi uchun nafaqa puli berilayotgani evaziga har oyda yuz ming so‘m talab qilgan. Ayol bu vaziyatda ba'zi fuqarolarga o‘xshab poraxo‘rga aytgan pulini qo‘shqo‘llab tutqazmay, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi “ishonch telefoni”ga murojaat qilgan.

– Mazkur murojaatda ko‘rsatilgan holatlar batafsil o‘rganilib, ayolning murojaati o‘z tasdig‘ini topdi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmati boshlig‘i Gulnoza Rahimova.  – Tayloq tumanidagi “Eski Juma” mahalla fuqarolar yig‘ini kotibasi X.Xolmirzayevaga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat kodeksining mazkur moddasida “Firibgarlik” jinoyati va unga beriladigan jazolar nazarda tutilgan. Jumladan, shu moddaning 1-qismida firibgarlik, ya'ni aldash yoki ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Qarshi shahrida yashovchi fuqaro A.Yangiboyevadan ham mahalla fuqarolar yig‘ini xodimi farzandiga nafaqa puli tayinlash evaziga pul talab qilib, ana shu holatni sodir etgan. Fuqaroning bu boradagi murojaati bo‘yicha o‘tkazilgan tezkor tekshirishda mazkur yig‘in kotibi S.Qorayeva firibgarlik yo‘li bilan A.Yangiboyevadan 600 ming so‘m pulni olgan vaqtida ushlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuraturada tashkil qilingan Murojaatlarni telefon orqali qabul qilish markazining “ishonch telefoni” barcha turdagi murojaatlarni tunu kun qabul qilayotgani tufayli yuqoridagi kabi jinoyatlarga vaqtida chek qo‘yilmoqda.

Kelib tushayotgan murojaatlarni boshqa davlat organlariga va tashkilotlarga elektron shaklda yuborish tizimi joriy qilingan. Hozir tizimga 50 dan ziyod vazirlik, davlat qo‘mitasi va tashkilotlar ulangan.

Markaz faoliyatini yanada takomillashtirish, murojaatlarni qabul qilish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning belgilangan tartib va muddatlarda ko‘rib chiqilishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida viloyat prokuraturalari, ularga tenglashtirilgan prokuraturalar, shuningdek, tuman va shahar prokuraturalarida murojaatlarni telefon orqali qabul qiluvchi operator shtatlari joriy etildi. Natijada prokuratura organlarida telefon orqali murojaatlarni qabul qilish, ularning hal etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishning yagona markazlashtirilgan tizimi yaratildi.

Bu, shubhasiz, murojaatlarning tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishi, qonuniy hal etilishini ta'minlash borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirayotir.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan J.Jumaniyozov Milliy bankning Hazorasp filialidan qandolat va non mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun kredit so‘ragan. Lekin ishi bitmadi. Shunda u mazkur markazga murojaat qildi. Tezkor ko‘rilgan chora tufayli tadbirkorga 180 million so‘m kredit ajratilishi ta'minlandi.

Oltiariq tumanida yashovchi fuqaro A.Mamajonov markazga qilgan murojaatida g‘isht zavodi tashkil qilib, 50 ish o‘rni yaratganini, ammo zarur asbob-uskunalar sotib olish uchun kredit ajratish haqidagi arizasi “Asaka” bankining Oltiariq tumani filiali tomonidan natijasiz qoldirilganini bayon qilgan. Murojaatni o‘rganish natijasiga ko‘ra tadbirkorga 800 million so‘m kredit ajratilishi ta'minlandi.

Markazga kelib tushgan har bir murojaat alohida nazoratga olingan. Fuqarolar, tadbirkorlik sub'yektlarining buzilgan huquqlarini tiklash, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish, qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor va boshqa mas'ul shaxslarga nisbatan qat'iy choralar ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid