Jahon | 22:49 / 05.05.2017
16352
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp o‘z qarorgohiga uchishi uchun qancha mablag‘ sarflanadi?

Foto: AFP 2017 / Mandel Ngan

AQSh prezidenti Donald Trampning Air Force One samolyotida Mar-a-Lago qarorgohi joylashgan Palm-Bichga uchishi amerikalik soliq to‘lovchilarga 1,2 mln dollardan qimmatroqqa aylanadi, deb xabar bermoqda "Assoshieyted Press" axborot agentligi.  

AQSh harbiy-havo kuchlari ma'lumotlariga ko‘ra, Trampning ushbu kurort shaharga fevraldagi parvozi 670 ming dollar, martdagi ikkinchi parvozi esa 612 ming dollarga tushgan. Ko‘rsatilgan summa ichiga AQSh maxfiy xizmati ishiga va Pentagon taqdim qiladigan yordamchi avtomobillarni tashish uchun xarajatlar kiritilmagan.

Bu ma'lumotlar Judicial Watch tashkiloti tomondan chop etilgan hujjatlarda keltirilgan. Bu tashkilot prezident safarlari uchun sarflanadigan xarajatlarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Tashkilotning aytishicha, bu xarajatlarning aksariyat qismi soliq to‘lovchilar gardaniga tushadi.

Tramp 5 may kuni tvitterda tejamkorlik maqsadida bu dam olish kunlari Nyu-Yorkka bormasligini ma'lum qilgan.

"Nyu-Yorkda alg‘ov-dalg‘ovga sabab bo‘lish o‘rniga, men bu dam olish kunlari Nyu-Jyersidagi Bedminsterda joylashgan uyimdan ishlay qolaman. Va shu bilan mamlakat pullarini tejay qolaman", deb yozgan Tramp.

Tramp o‘zining Mar-A-Lago qarorgohiga borishiga byudjyet mablag‘lari sarflanishi uchun tanqid qilinadi. Trampning o‘zi bu maskanni o‘zining qishki Oq uyi deb ataydi. Prezident ma'muriyati Trampning rafiqasi va kenja o‘g‘li Oq uyga ko‘chib o‘tmay, o‘quv yili oxirlaguncha Nyu-Yorkda qolganlari uchun ham tanqidlarga uchraydi. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, Nyu-Yorkda Tramp oilasi xavfsizligini ta'minlash uchun har kuni politsiya boshqarmasi tomondan 127-146 ming dollar sarflanadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid