Jamiyat | 00:23 / 09.05.2017
13139
6 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda jahonning eng yetakchi neyrojarrohlari to‘planishdi

5–7 may kunlari Samarqandda Butunjahon neyrojarrohlar jamiyati federatsiyasining o‘quv kurslari tashkil etildi. Turli davlatdan kelgan ko‘zga ko‘ringan mutaxassislar uch kun mobaynida o‘zbekistonlik hamkasblari bilan mahorat darslari o‘tkazishdi, ularni zamonaviy davolash usullari bilan tanishtirishdi.

Butunjahon neyrojarrohlar jamiyati federatsiyasining kurslari O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika neyrojarrohlik ilmiy markazi tomonidan tashkil etildi. Kurslarni o‘tkazish uchun Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Fransiya, Italiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan vakillar taklif etildi.

Yalpi majlisda Samarqand viloyat hokimi Himmat Oqbo‘tayev, oliy va o‘rta ta'lim vaziri Rustam Qosimov, sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov, shuningdek, Butunjahon neyrojarrohlar jamiyati federatsiyasining o‘qitish va ta'lim qo‘mitasi rahbari, professor  Konchezno Di Rokko, Osiyo neyrojarrohlar kongressi prezidenti professor Yoko Kato, Rossiyaning N.Burdenko nomidagi neyrojarrohlik ilmiy tadqiqot instituti direktori Aleksandr Potapov, Respublika neyrojarrohlik ilmiy markazi direktori G‘ayrat Qoriyev chiqish qilishdi.

Professor G‘.Qoriyev prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan uchrashuvi mobaynida maxsus tibbiy yordamni aholiga ko‘rsatish, eng ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muayyan vazifalarni belgilab berganini qayd etib o‘tdi. O‘quv kurslari ham ushbu vazifalarni bajarish doirasida tashkillashtirilgan.

G‘.Qoriyevning so‘zlariga ko‘ra, neyrojarrohlik yordami respublikamizda ikki yo‘nalishda ko‘rsatilmoqda: tezkor neyrojarrohlik va rejali neyrojarrohlik. Ayni paytda sohaning 270 mutaxassislaridan 11 nafari fan doktori, 36 nafari esa fan nomzodi hisoblanishadi. Neyrojarrohlik xizmatini rivojlantirish konsepsiyasiga ko‘ra neyrojarrohlik ilmiy markazi maxsus ilmiy-amaliy neyrojarrohlik markaziga aylantiriladi. Uning filiallari Andijon, Samarqand va Xorazm viloyatlarida tashkil etiladi va bosqichma-bosqich zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi. Shuningdek, yetakchi xorijiy klinikalarda mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Faqat so‘nggi oylar ichida o‘zbekistonlik to‘rt nafar yosh neyrojarrohlar Yaponiyada qayta tayyorgarlikdan o‘tishgan. Ulardan biri — toshkentlik Sherzod Muhammadiyev kunchiqar yurtda uch oylik ta'lim kurslarini o‘taganini aytib o‘tdi: «Mendan tashqari, samarqandlik, buxorolik va namanganlik hamkasblarim ham malaka oshirishdi. Biz tajribali mutaxassislar qo‘l ostida yuqori texnologiyalik uskunalarda ishlash uslublarini o‘zlashtirdik. Yaqinda o‘zimizga ham turli xildagi zamonaviy tibbiy texnikalar keltiriladi. Biz ularni ishlatishga tayyor bo‘lishimiz kerak».

Ta'lim kurslari boshlanishidan bir kun avval moskvalik professor Gennadiy Chimutin Samarqand meditsina instituti klinikasida murakkab operatsiyalarni boshidan o‘tkazgan 12 nafar bemorni ko‘zdan kechirgan. U bosh miyadagi o‘simtani olib tashlash yuzasidan operatsiya o‘tkazgan, bu esa yosh vrachlar uchun o‘ziga xos master-klass vazifasini o‘tagan. 

Nuz.uz muxbiri milliy sog‘liqni saqlash tizimida muhim o‘rin tutadigan bu tadbirda qatnashib, mashhur neyrojarrohlarni suhbatga tortdi, ular meditsina sohasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamjihatlik va kelgusidagi rejalari bilan o‘rtoqlashishdi.

Bir vaqtning o‘zida Osiyo neyrojarrohlari kongressi prezidenti va Yaponiyaning Fujita universiteti neyrojarrohlik markazi rahbari hisoblanmish professor Yoko Kato shunday dedi: «O‘zbekiston va Yaponiya neyrojarrohlari o‘zaro munosabatlari tobora mustahkamlanmoqda. Mutaxassislaringiz Yaponiyaning eng yaxshi klinikalarida ta'lim olishmoqda. Maqsadimiz — ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirib, kadrlarni rejali almashishni yo‘lga qo‘yish. Samarqandda men insult va qon-tomir neyrojarrohligi mavzusida chiqish qilaman. Alohida faxr bilan qayd etishim joizki, biz bu yerda neyrojarrohlik sohasida hamkorlik qilish haqidagi memorandumni imzolaymiz».

Rim-katolik universiteti meditsina markazi professori Jan Perro Tanburini: «Qayd etishim kerakki, O‘zbekistonda neyrojarrohlik sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar maqtovga sazovor. Bu ta'lim kurslarida ishtirok etib, mamlakatingiz haqida ko‘plab qiziqarli ma'lumotlarga ega bo‘ldim, yangi do‘stlar orttirdim. Samarqand va Rim jahon tamaddunining ikki markazi hisoblanadi. Sizlarda qadimdan matematika, fizika, astronomiya kabi aniq fanlar ravnaq topgan».

Akademik Aleksandr Potapov: «Neyrojarrohlikni rivojlantirish uchun tibbiyot xodimining ulkan tajribasi yuqori texnologiyali uskunalar bilan mushtarak bo‘lmog‘i kerak, shuningdek katta mablag‘ kerak. Men mamlakatingizda meditsinaning bu sohasiga alohida e'tibor bilan yondashilayotganining guvohi bo‘ldim. Samarqandlik vrachlar o‘tkazayotgan operatsiyani kuzata turib, ular chuqur bilim va yetarli tajribaga ega ekanliklariga amin bo‘ldim. Agar ular zamonaviy tibbiy uskunalardan fodalanishni boshlashsa, ularning ish samaradorligi bir necha karra yuqori bo‘ladi».

Butunjahon neyrojarrohlar jamiyati federatsiyasining o‘quv kurslari doirasida O‘zbekiston va Rossiya (N.Burdenko nomidagi neyrojarrohlik ITI) va Yaponiya (Fujita universiteti neyrojarrohlik markazi» o‘rtasida hamkorlik haqidagi memorandum imzolandi.

Toshpo‘lat Rahmatullayev

Mavzuga oid