Eng boy qozog‘istonliklar nomi ma'lum qilindi
Forbes.kz nashri Qozog‘istonning 2017 yil uchun eng badavlat 50 nafar tadbirkori ro‘yxatini e'lon qildi.
Qozog‘istonning eng boy 5 nafar fuqarosi ro‘yxatiga Vladimir Kim, Bulat Utemuratov, er-xotin Kulibayevlar va Alijon Ibragimov kirdi.
Reytingning birinchi o‘rnida yirik qozoq tadbirkori, rangli va qimmatbaho metallar qazib olish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi «KAZ Minerals» guruhi prezidenti hamda yirik aksiyadori, "Xolding Kazaxmys" prezidenti Vladimir Kim joylashdi. Uning davlati 2,5 mlrd. AQSh dollariga baholangan.
Qozog‘istonning eng badavlat tadbirkori Janubiy Qozog‘iston viloyatining Maqtaorol tumani Mirzakent posyolkasida 1960 yilning 29 oktabr kuni tug‘ilgan. Kim 1982 yilda Olmaota arxitektura-qurilish institutini tamomlagan. 1998 yilda AQShda biznes va ma'muriy boshqaruvchilik bo‘yicha falsafa doktori ilmiy unvonini olgan.
Ro‘yxatning ikkinchi pog‘onasini Qozog‘iston tennis federatsiyasi prezidenti, ITF (Xalqaro tennis federatsiyasi) direktorlar kengashi a'zosi, tadbirkor, diplomat Bulat Utemuratov egalladi. Uning davlati - 2,4 mlrd. AQSh dollari.
Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarda esa er-xotin Kulibayevlar joylashdi. 50 yoshli Timur Kulibayevning davlati 2,2 mlrd. AQSh dollariga baholangan. Timur Kulibayev – qozog‘istonlik tadbirkor, davlatdagi neftgaz va energetik sohadagi qator korxonalarni o‘ziga birlashtirgan Kazenergy assotsiatsiyasi raisi. 49 yoshli Dinara Kulibayeva esa – Qozog‘istonning eng boy ayoli, Qozog‘iston Xalq banki aksiyadori. U Nursulton Nazarboyev nomidagi Milliy ta'lim jamg‘armasiga rahbarlik qiladi. Dinara Kulibayevaning davlati – 2,2 mlrd. AQSh dollari.
Qozog‘istonning eng boy tadbirkorlari beshligiga 62 yoshli Alijon Ibragimov yakun yasab bergan. U 2 mlrd. AQSh dollariga ega. Alijon Ibragimov – «Eurasian National Resources Corporation» (ENRC) kompaniyasi egalaridan biri, shuningdek, Yevroosiyo banki AJ prezidenti hisoblanadi.
Mavzuga oid
09:24
Qozog‘istonda o‘zini o‘zi mudofaa qilish va ko‘ngillilar tuzilmalari paydo bo‘ladi
15:30 / 31.10.2024
Qozog‘iston parlamenti Qozog‘iston va O‘zbekistonning ekologik tashabbuslari to‘g‘risidagi hujjatni ma’qulladi
21:48 / 30.10.2024
Qozog‘istonda davlat xizmatchilariga mukofot pullarini ajratish taqiqlandi
20:38 / 30.10.2024