Intervyu: Ota-onalar Prezidentning yangi qaroridan mamnun
Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qaroriga binoan 2017-2018 o‘quv yilida oliy o‘quv yurtlariga qabullar uchun kvotalar 8 ming 409 taga ko‘paygan va jami 66 ming 316 nafar talaba qabul qilinishi e'lon qilingan edi. Shu munosabat bilan farg‘onalik ayrim ota-onalarning fikri bilan qiziqdik.
“O‘g‘lim 2016 yilda Chirchiqda harbiy xizmatni o‘tadi. Afsuski, imtiyozga ega bo‘la olmadi. Shunday bo‘lsada, u o‘qidi-izlandi. Oliy ta'lim muassasalarining biriga hujjat topshirib, 125 ball to‘play oldi. Lekin o‘qishga kira olmadi. Farzandimning o‘qishi va oliy ma'lumotli bo‘lishini juda istagan edim”, deydi Feruzaxon Xojiakbarova. – “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 maydagi qarorida test sinovlarini topshirib, o‘tish balini to‘play olmagan abituriyentlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilganini ko‘rish mumkin. Ya'ni, o‘qish istagidagi yigit yoki qiz sinovlarda 68 ball to‘play olsa, to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi evaziga talabalikka qabul qilinadi. Qo‘shimcha qabul bo‘yicha to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi abituriyentlar to‘plagan ballarga qarab Davlat komissiyasi tomonidan differentsiyalashgan tartibda belgilanadi. Hozircha kontraktning narxi ma'lum emas”.
“Har bir ota-ona farzandi savodli, aniqrog‘i, oliy ma'lumotli bo‘lishini istaydi. Davlatimiz tomonidan shartnoma asosida tahsil olaman, degan talaba uchun imkoniyatlar bisyor. Bunga misol tarzida ta'lim kreditlarini ayta olaman. Farzandim bu yil 68 dan yuqoriroq ballga ega bo‘lsa, albatta, o‘qitaman. Imkoniyatlardan foydalanaman. Prezidentimizga mana shu bo‘lajak talabalarning onalari nomidan minnatdorchiligimni aytaman. Bu qaror biz kabi onalarning orzularini amalga oshirmoqda”, deydi Marg‘ilon shahrida istiqomat qiluvchi Irodaxon Isaqova.
Ma'lumot o‘rnida, joriy yilda Farg‘ona viloyatidagi 4 ta oliy ta'lim muassasasi, jumladan, Farg‘ona Davlat Universiteti 1600 nafar, Farg‘ona Politexnika Instituti 1915 nafar, TATU Farg‘ona filiali 340 nafar, Qo‘qon Pedagogika Instituti 1200 ziyod talabani o‘qish uchun qabul qiladi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali bu yil 340 nafar talabani o‘qishga qabul qiladi. Xo‘sh, mazkur oliy ta'lim muassasasi qo‘shimcha talabalarni qabul qilishga tayyormi?
“O‘quv binoning xajmi yetarli darajada. Professor o‘qituvchilarning salohiyati, bilim berishlari va kontingentlari ham yetarli darajada. Demak, biz o‘quv jarayonini tashkil etish imkoniyatiga egamiz”, deydi TATU Farg‘ona filiali o‘quv va ilmiy tadqiqot ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Fazliddin Polvonov.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qarorda belgilab berilgan maqsad va vazifalar yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi. 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi strategik rivojlanishining beshta ustuvor yo‘nalishi doirasida olib borilayotgan islohotlarni izchil amalga oshirishga zamin yaratadi.
Ahror Ziyo, Farg‘ona
Mavzuga oid
09:40
Hindiston Farg‘onada xalqaro ko‘p tarmoqli klinika tashkil etadi
19:32 / 30.10.2024
Farg‘onada jamoat transporti yo‘l haqi oshirildi
16:35 / 30.10.2024
Farg‘onada saylov qonunchiligini buzgan uchastka saylov komissiyasi a’zosi ma’muriy jazoga tortildi
11:07 / 24.10.2024