Jahon | 14:27 / 10.05.2017
68447
3 daqiqa o‘qiladi

Masharipovga 40ta umrbod qamoq jazosi berilishi talab qilinmoqda

Foto: AFP

Istanbuldagi tungi klubda amalga oshirilgan teraktdan so‘ng Abdulqodir Masharipov haqida yangi ma'lumotlar paydo bo‘ldi. Istanbul bosh prokuraturasi xodimlari Masharipovni 40ta umrbod qamoq jazosi, shuningdek qotillik hamda boshqa jinoyatlari uchun qo‘shimcha 2397 yillik qamoq jazosiga hukm qilishni so‘rashdi. Daily Sabah shu haqida xabar berdi.

Masharipov IShIDning eng dahshatli qotilliklaridan birini amalga oshirganidan bir necha hafta o‘tgach, Istanbuldagi Esenyurt tumanida qo‘lga olingan. U "konstitutsion tuzilmaga tajovuz qilish", terrorchilik faoliyati, ko‘plab qotilliklar va qotilikka urinishlar hamda noqonuniy qurollarga egalik qilishda ayblanmoqda. 

Manbaga ko‘ra, mazkur terakt bo‘yicha Masharipovdan tashqari yana 50dan ziyod kishi hibsga olingan bo‘lib, 6 nafari ozodlikda. 120dan ortiq kishi da'vogarlar qatorida qatnashgan, ularning aksariyati - xorij fuqarolarining oila a'zolari. Masharipov klubga hujum qilganida Yaqin Sharq va G‘arb mamlakatlaridan tashrif buyurgan kishilar shu yerda bo‘lgan. 

Teraktdan keyingi qidiruv ishlariga 2000 nafarga yaqin politsiyachi jalb qilingan. Politsiya 152 hududda maxsus reydlar o‘tkazib, nihoyat Esenyurt tumanida uni topishga muvaffaq bo‘lgan. Masharipovning qo‘lga olinishi turk politsiyasining katta yutug‘i sifatida qabul qilindi. Zero u terrorchilik hujumlaridan keyin qo‘lga olingan birinchi IShID a'zosi hisoblanadi, ko‘p joylardagi hujumlar xudkush-terrorchilar tomonidan amalga oshirilgan. 

Prokurorlarning ta'kidlashicha, Reynadagi hujum Suriyadagi IShID jangarisi, Abu Jihod nomi bilan tanilgan Islom Otaboyev buyrug‘iga binoan amalga oshirilgan. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Masharipov qo‘lga olinganidan so‘ng hukumatdan uni osishni so‘ragan. Davomli so‘roqlardan keyin suddagi birinchi ko‘rsatmasida u  Turkiya "dushmani" bo‘lmagani, faqatgina Turkiyada Iroq va Suriyadagi terrorchi guruh harakatlarining bostirilishiga qasdma-qasd harakat qilganini aytgan. Masharipov va boshqalarga hukm o‘qiladigan sud sanasi hozircha noma'lum.

Mavzuga oid