Jahon | 16:00 / 11.05.2017
5386
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Wikipedia’ga kirishni tiklashi mumkin, biroq uning talablari bor

Foto: RIA "Novosti"

Turkiya hukumati Wikipedia internet-ensiklopediyasiga kirishni qayta tiklashga tayyor. Bu holat u yerdan Turkiyaning terrorizmni qo‘llab-quvvatlashi haqidagi axborot olib tashlansa va Wikipedia soliqlar to‘lasa ro‘y beradi, deya ma'lum qildi mamlakat transport, kemachilik va aloqa vaziri Ahmad Arslon payshanba kuni.

Avvalroq Turkiya axborot texnologiyalari va aloqa bo‘yicha kengashi tegishli qonun asosida 29 apreldan wikipedia.org saytiga nisbatan ma'muriy choralar qo‘llanilayotgani haqida xabar berdi. Turkiyada bu qonun 5651-raqam ostida bo‘lib, u “Internet sohasini tartibga solish va bu sohada amalga oshirilgan jinoyatlar bilan kurash to‘g‘risida” deb nomlanadi.

Bundan avval qonun muxolifat tomonidan bir necha bora tanqid qilingan. Ular fikricha, qonun nafaqat so‘z erkinligini buzadi, balki fuqarolarning axborot olishga bo‘lgan huquqini ham jiddiy cheklaydi.

"Turkiyani terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlat sifatida ko‘rsatish mumkin emas, bunday munosabat mamlakat va uning xorijdagi hurmatiga katta zarar yetkazadi. Wikipedia muharrirlari biz yuborgan matnlarni saytga qo‘yishmadi, noto‘g‘ri axborotni olib tashlashmadi. Shuning uchun unga kirishni taqiqlash haqida qaror qabul qilindi. Ayni kunda sud jarayoni ketmoqda. Biroq agarda Wikipedia xatolarni to‘g‘irlasa va haqiqatga mos keluvchi ma'lumotni joylashtirsa, biz cheklovlarni bekor qilamiz", - degan vazir NTV telekanali efirida.

"Biz ular qonunchilik doirasida harakat qilishini kutmoqdamiz. Sud idoralari talabi to‘la bajarilishini istaymiz, hamda bu maydoncha Turkiyani yomonlash bo‘yicha kampaniya sifatida foydalanilmasligini talab qilamiz. Bundan ham muhimi, Turkiyada ularning vakolatxonasi ochilishi kerak. Ular Turkiyadagi faoliyatidan daromad olmoqda. Biz esa ular soliq to‘lashini xohlaymiz", - deya qo‘shimcha qilib o‘tgan Arslon.

Mavzuga oid